“Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida” F-33-sonli Farmoni ijrosi yuzasidan

“Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan bo‘lib, unda “jinsiy zo‘ravonlik”, “jismoniy zo‘ravonlik”, “iqtisodiy zo‘ravonlik”, “psixologik zo‘ravonlik”, “tazyiq”, “himoya orderi” tushunchalari belgilab berilgan (3-modda).
Qonunning 4-moddasiga ko‘ra, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi quyidagi huquqlarga ega:
- o‘ziga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etilganligi yoki ularni sodir
etish tahdidi to‘g‘risidagi ariza bilan tegishli vakolatli organlarga hamda
tashkilotlarga yoxud sudga murojaat etish;
- maxsus markazlarda, shuningdek bepul telefon liniyasi orqali tekin huquqiy maslahat, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olish;
- ichki ishlar organlariga himoya orderi berish to‘g‘risida talab bilan murojaat
qilish, himoya orderi shartlari buzilgan taqdirda esa, ularni bu haqda xabardor
qilish;
- sodir etilgan tazyiq va zo‘ravonlikdan unga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini
qoplash hamda ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat etish, shuningdek, davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi.
Zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi xotin-qizlarga tazyiq o‘tkazayotgan yoki ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan ta’sir ko‘rsatish choralari qo‘llanishiga sabab bo‘ladigan tazyiq va zo‘ravonlikdan davlat himoyasini ta’minlaydigan maxsus hujjat – himoya orderini olish huquqiga ega.
Hozirda oldingi yildagilarga nisbatan xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik namoyon bo‘lishining ko‘paygan, ikkinchi tomondan esa, IIV xodimlari tomonidan oilada zo‘ravonlik holatlarining namoyon bo‘lishining oldini olishidan dalolat beradi. Ichki ishlar vazirligining 2020–2021 yillar uchun himoya orderlari bo‘yicha rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, himoya orderlarini berish uchun tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarning mos ravishda 5071 va 21947 ta arizasi asos bo‘lgan. Himoya orderi berish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish chog‘ida Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan jinoyat belgilari aniqlansa, ish materiallari tajovuzkorni jinoiy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organga yuboriladi.
Agar zo‘ravonlik fakti mavjud bo‘lsa, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining yoki uning qonuniy vakilining boshpana berish to‘g‘risidagi talabiga binoan maxsus markazlarda o‘ttiz kungacha bo‘lgan muddatga joylashtirish ta’minlanadi va zarurat tug‘ilganda bu muddat uzaytirilishi mumkin. Zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi maxsus markazga joylashtirilgan taqdirda, uning ish joyi saqlab qolinadi, markazda o‘tkazgan vaqt darslarni o‘tkazib yuborish munosabati bilan ta’lim muassasasidan haydash uchun asos bo‘lmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida insonning hayotiga, sog‘lig‘iga va jinsiy erkinlikka tajovuz qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan, biroq unga oiladagi zo‘ravonlik kiritilmagan. Odatda, maishiy zo‘ravonlik to‘g‘risidagi ishlar jabrlanuvchilarning shikoyati bo‘yicha qo‘zg‘atilishi mumkin, ya’ni, ular xususiy ayblov ixtiyoridadir. Shu munosabat bilan maishiy zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarni himoya qilish maqsadida davlat zo‘ravonlikdan jabrlanuvchini moddiy zarar va ma’naviy ziyonni qoplash to‘g‘risidagi da’vo bo‘yicha davlat boji to‘lashdan ozod etdi.
Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 325-moddasida faqat aybdorni javobgarlikka tortishni so‘rab jabrlanuvchi bergan shikoyat arizasi asosida ish yuritish qo‘zg‘atiladigan salomatlik, jinsiy erkinlikka qarshi, nikohga kirishga majburlash yoki nikohga to‘sqinlik qilish, tuhmat va haqorat qilish, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi bir qator jinoyatlar sanab o‘tilgan. Mazkur moddada jabrlanuvchi nochor ahvolda bo‘lganligi, ayblanuvchiga qaram bo‘lganligi tufayli yoki boshqa sabablarga ko‘ra o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini o‘zi himoya qila olmaydigan alohida hollarda prokuror jabrlanuvchining shikoyatisiz ham jinoyat ishini qo‘zg‘atishi shart ekanligi nazarda tutilgan.
O‘zbekiston Jinoyat kodeksida o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish (103-modda); o‘zini o‘zi o‘ldirishga undash (1031-modda); qasddan badanga shikast yetkazish (104–105, 109-moddalar); qiynash (110-modda); o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlash bilan qo‘rqitish (112-modda); nomusga tegish (118-modda); jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish (119-modda); ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga
tegishiga to‘sqinlik qilish (136-modda); tuhmat (139-modda); haqorat qilish (140-modda); fuqarolarning teng huquqliligini buzish
(141-modda) uchun jazo nazarda tutilgan.
Odatda, maishiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar yuqoridagi moddalar bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortiladilar.
Shuni nazarda tutish kerakki, jabrlanuvchining zo‘ravonlikka duchor bo‘lishi davom etaverganda va u hokimiyat organlariga ishonmay qolganda, zo‘ravon jazosiz qolaverganda jamiyatda oiladagi zo‘ravonlik jinoyat emas, degan fikr paydo bo‘ladi. Bunday amaliyot o‘zgartirilishi kerakligini ta’kidlab o‘tdi.
Binobarin, 2023 yil 11 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasining «Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilindi. Mazkur hujjat asosida 11 ta kodeks va qonunga, jumladan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga ham tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Shu o‘rinda ularning ayrimlariga to‘xtalib o‘tsak. Kodeksning
115-moddasi «Ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash» deya nomlanadi. Yangi qonun bilan ayni jinoyat uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Unga binoan, ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash, agar homila sun’iy tushirilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Yoki kodeksning 118-moddasida nazarda tutilgan, ko‘pchilik uchun yaxshi tanish bo‘lgan, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar toifasiga kiruvchi «Nomusga tegish» jinoyati uchun ham javobgarlik kuchaytirilmoqda. Bundan buyon nomusga tegish, ya’ni zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib, jinsiy aloqa qilish besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Bunday razil jinoyat ikki yoki bir necha shaxsga nisbatan, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan yoxud ilgari ushbu Kodeksning 119-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxs tomonidan, bir guruh shaxslar tomonidan, o‘ldirish bilan qo‘rqitib, nogironlik belgisiga ega ekanligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Agar nomusga tegish o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan, yaqin qarindoshga, sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoxud umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan, jabrlanuvchini tarbiyalash, o‘qitish va (yoki) unga g‘amxo‘rlik qilish majburiyatlarini bajarayotgan shaxs tomonidan, shuningdek, jabrlanuvchiga qarab turish majburiyatlari qonun bilan zimmasiga yuklatilgan ta’lim, tarbiya, davolash yoki boshqa muassasaning xodimi tomonidan, ommaviy tartibsizliklar ishtirokchisi tomonidan, o‘ta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan yoki og‘ir oqibatlarga olib kelgan bo‘lsa o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Qolaversa, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish o‘n besh yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Bundan tashqari, kodeksning 121-moddasi «Shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish» deya qayta nomlanib, ayni jinoyatga qo‘l urgan kimsa ham avvalgiga nisbatan og‘irroq jazoga tortilishi belgilandi. YA’ni xizmat, moddiy yoki boshqa jihatlardan aybdorga qaram bo‘lgan shaxsni jinsiy aloqa qilishga yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirishga majbur etgan aybdorga uch yuz soatdan to‘rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi. O‘sha harakat og‘ir oqibatlarga olib kelsa, shaxs uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortiladi. Agar bunday harakat jinsiy aloqada bo‘lish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish bilan bog‘liq holda sodir etilgan bo‘lsa, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Mazkur moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan harakat o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan, yaqin qarindoshga, sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoxud umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan, takroran, xavfli retsidivist tomonidan yoki ilgari ushbu Kodeksning 118, 119, 128 va 129-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, yoinki og‘ir oqibatlarga olib kelsa, besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga sabab bo‘ladi.
So‘ngi yillarda o‘z hurmatini bilmagan, rafiqasi va farzandlariga faqat zug‘um o‘tkazadigan ba’zi yurtdoshlarimiz safi biroz kengayib ketdi. Oqibatda, ojiza ayol yoki xuddi shunday ahvoldagi bolalar oilaviy zo‘ravonlikdan jabr ko‘rmoqda. Hatto oramizda o‘z jigarbandini ayamay do‘pposlayotgan, unga turli jismlar bilan og‘ir, ayanchli tan jarohati yetkazayotgan xotin-qizlar ham yo‘q emas . Yangi 126-1 moddaga muvofiq, xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoxud umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan mulk, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va mehnatga oid huquqini amalga oshirishga to‘sqinlik qilish, mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish, xuddi shuningdek, ushbu shaxslar sog‘lig‘ining yomonlashuviga olib kelgan tarzda ularning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni qo‘rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo‘yish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, shuningdek, basharti boshqa jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha jarima yoki bir yuz oltmish soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Qolaversa, bunday jinoyat ikki va undan ortiq shaxsga nisbatan, homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolga nisbatan, o‘ta shafqatsizlik bilan, g‘arazli niyatlarda, diniy taassuflar zamirida, bir guruh shaxslar tomonidan, takroran, xavfli retsidivist tomonidan yoki ilgari ushbu Kodeksning 97, 104, va 105-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxs tomonidan, o‘ta xavfli retsidivist tomonidan, qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatib sodir etilsa ham javobgarlik mavjud. Tilga olingan qonun asosida Jinoyat kodeksi yana yangi moddalar bilan to‘ldirilib, uning bir qator moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildiki, bularning barchasi hamyurtlarimizning shaxsiy huquq va erkinliklarini ta’minlashga xizmat qiladi. Zero, mamlakatimizda inson qadri hamma narsadan ustunligini ta’kidlab o‘tdi.
Jinoyat ishlari buyicha
Sho‘rchi tuman sudining raisi
T.Abdiraimov




