Tabiat va atrof-muhitga yetkazilgan zarar aybdordan undirildi
Hattoki, bir giyoh turining yo‘qolishi ham yashil olam muvozanati buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin!
Da’vogar Atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining S.B sudga da’vo ariza bilan murojaat qilib, javobgar MFSning qonunga zid ravishda tabiatga yetkazilgan zarar sifatida javobgardan 4.080.000 so‘m zararni undirishni so‘ragan.
Javobgar MFS ga sud majlisi vaqti va joyi haqida ma’lum qilingan bo‘lsada, sudda ishtirok etmadi, ishtirok etmaslik sababini ham sudga ma’lum qilmadi.
Shu sababli sud ishning unga nisbatan qismini O‘zbekiston Respublikasi FPKning 280-moddasida nazarda tutilgan tartibda sirtdan ko‘radi deb ko‘rsatilgan. Sud da’vogar vakilining tushuntirishini tinglab, ishdagi mavjud hujjatlar va materiallarni o‘rganib, muhokama va tahlil qilib, quyidagi asoslarga ko‘ra, da’voni qanoatlantirishni lozim topgan.
Aniqlanishicha, javobgar MFS 2023 yilda mahalla hududidan noqonuniy ravishda o‘suvchanligini yo‘qotmagan 4-dona tol daraxtini tepa qismini o‘sishdan to‘xtamaydigan darajada shikastlantirganligi aniqlangan
Mazkur holat yuzasidan javobgar MFSga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 79-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan va ma’muriy jarimaga tortish haqida qaror qabul qilingan.
Javobgar MFS tomonidan tabiatga yetkazilgan zarar Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 23 noyabrdagi 666-son qaroriga muvofiq hisoblab chiqilib, javobgar tomonidan tabiatga 4.080.000 so‘m zarar yetkazganligi aniqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 49-modda 4-qismiga ko‘ra, davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrofmuhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi. O‘zbekiston Respublikasining “Yer osti boyliklarini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning 52-moddasiga ko‘ra, qonun talablarini buzgan yuridik va jismoniy shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi lozimligi belgilangan.
Sud tomonidan aniqlangan, ish uchun ahamiyatli bo‘lgan holatlar da’voni qanoatlantirishga asos bo‘ladi.
Shu bois sud da’vogar S.V. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining MFS ga nisbatan yetkazilgan zararni undirish haqidagi da’vosi qanoatlantirilgan hamda MFS hisobidan da’vogar S.V. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi foydasiga 4.080.000 so‘m yetkazilgan zarar va 34.000 so‘m pochta xarajati undirish bo‘yicha hal qiluv qarori qabul qilingan.
Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatga oqilona munosabatda bo‘lish, flora va fauna olamini asrab-avaylash, keng miqyosdagi ekologik inqirozga yo‘l qo‘ymaslik insoniyat oldidagi dolzarb vazifalarga aylangan.
Tabiat va inson o‘rtasidagi munosabat ma’lum bir qonunlar orqali boshqariladi. Ularga rioya qilmaslik ertami, kechmi, albatta ekologik halokatga olib keladi. Tabiatda turlarning rivoji zanjir kabi bir-biri bilan chambarchas bog‘langan, ular o‘zaro yaxlit ekotizimni tashkil etadi. Hattoki, bir giyoh turining yo‘qolishi ham yashil olam muvozanati buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Muxtasar aytganda, ona tabiatga mehr-muhabbat ruhida yondashish, oilada ekologik tarbiyani kuchaytirish, har bir insonda atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish hissini kuchaytirish zarur. Tabiat insonlarning barcha moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondiruvchi asosiy manbadir. Zero, ona tabiat ajdodlardan qolgan meros bo‘libgina qolmay, balki kelajak avlodga beshikast qoldirishimiz zarur bo‘lgan amol hisoblanadi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha
Sariosiyo tumanlararo sudi raisi v.b Q.Turanov