Kasbim-faxrim

Gaz jihozlariga texnik xizmat ko’rsatish uchun onlayn to‘lash imkoniyati yaratildi

Jamiyatning qator sohalari kabi gaz ta’minoti tizimining  aholi va kommunal ob’ektlarining gaz jihozlariga xizmat ko’rsatish yo‘nalishiga ham raqamli iqtisodiyotning kirib kelishi bilan bugun oldingiga nisbatan ish unumdorligi tubdan farq qilmoqda. Buni isboti sifatida, aniq natijalarga e’tibor qaratamiz.

“HGT Service” dasturiy ta’minotni — gaz uskunalarining holati to‘g‘risida batafsil ma’lumotlarni masofadan yig‘ish hamda har bir abonent bo‘yicha tabiiy va suyultirilgan gazdan oqilona foydalanishni nazorat qilish texnologiyasini ishlab chiqdilar.

Ushbu dastur gaz uskunalarini kundalik hayotda ishlatishda iste’molchilar xavfsizligini ta’minlashga, gaz ta’minoti tizimi xodimlari tomonidan gaz jihozlariga texnik va profilaktik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha majburiy xizmatlar sifatini baholash va o‘zaro hisob-kitoblarni naqd pulsiz amalga oshirishga qaratilgan.

Bundan ko‘zlangan maqsad, birinchi navbatda shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan.

Iste’molchilarga qulaylik yaratish uchun ishga tushirilayotgan yangi dasturiy ta’minot abonentning shaxsiy ma’lumotlari, xonadon geolokatsiyasi va telefon raqami kabi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan. Shuningdek, dasturga iste’molchida maishiy gaz uskunalarining mavjudligi va ularning texnik holati to‘g‘risida ma’lumotlar kiritilgan. Dasturning yana bir xususiyati shundaki, u xizmat sifatini baholash yoki shaxsiy kabinet orqali iste’molchining shikoyatini uzatish imkoniyatiga ega.

“HGT Service” dasturi gaz yetkazib beruvchi va iste’molchi o‘rtasida gaz uskunalariga profilaktik va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘zaro hisob-kitoblarni tartibga solish va ularni naqd pulsiz amalga oshirishga imkon beradi. Ko‘rsatilgan servis xizmatlar uchun to‘lov (invoys) SMS orqali onlayn rejimida taqdim etish yo‘li bilan amalga oshiriladi va buning to‘g‘risidagi xabar xizmat tugagandan so‘ng darhol iste’molchining telefoniga keladi.

– Ba’zi iste’molchilar gaz jihozlarida nosozlik kuzatilgach, gaz ta’minoti xodimlari xonadoniga tez yetib kelib, xizmat ko‘rsatmaganidan norozi bo‘lib, murojaat etadi, – deydi «Hududgaz Surxondaryo» gaz ta’minoti filiali servis xizmatini rivojlantirish bo‘limi mas’ul xodimi Sh.Tohirov. – Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining 2-ilovasida “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari” belgilab qo‘yilgan. Unda gazdan foydalanish uskunalarini iste’molchilarning yozma yoki elektron buyurtmalari asosida gaz ta’minoti tashkiloti tomonidan tasdiqlangan tariflar bo‘yicha ta’mirlash muddatlari bayon qilingan bo‘lib, xizmat ko‘rsatish muddati holatning xavflilik darajasiga qarab belgilanadi.

Bu jarayonda iste’molchi xonadonida tabiiy gaz sizib chiqish holati kuzatilsa, soha xodimi darhol borib xizmat ko‘rsatishi kerak. Ovqat tayyorlash yoki isitish mavsumida isitish uchun mo‘ljallangan gazdan foydalanish uskunalarining nosozligida bir kun davomida xizmat ko‘rsatiladi. Issiq suv va isitish uchun mo‘ljallangan gazdan foydalanish uskunalarining nosozligida (isitish mavsumidan tashqari vaqtda) ikki kun, gazdan foydalanish uskunalarini almashtirishda esa besh kun davomida xizmat ko‘rsatilishi zarur. Pirovardida bu ishlarning barchasi iste’molchilar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgani ahamiyatlidir.

Related Articles

Back to top button