Касбим-фахрим

Sud ocherki— adolat qaror topganda-mehnat huquqi himoyasi !

Mehnat inson hayotida nafaqat tirikchilik manbai, balki uning qadr-qimmati, jamiyatdagi o‘rni va ertangi kunga ishonchini belgilaydigan muhim omildir. Shu bois xodimning mehnat qilish huquqini himoya qilish, mehnat munosabatlarida qonuniylik va adolatni ta’minlash sudlar faoliyatida alohida ahamiyat kasb etadi.

Fuqaro XNAning ishga tiklanishi bilan bog‘liq fuqarolik ishi ham qonun ustuvorligi va buzilgan huquqni tiklashning amaliy ifodasi bo‘ldi. XNA 2025-yil 2-iyunda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligida ishga qabul qilingan. Biroq Agentlik direktorining buyrug‘i bilan u egallab turgan lavozimidan ozod etilgan va mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Xodim mazkur qarorni qonunga xilof deb hisoblab, o‘z huquqlarini tiklash maqsadida sudga murojaat qilgan. Da’vogar sudda mehnat vazifalarini halol va vijdonan bajarib kelganini, ishga qabul qilinish vaqtida tegishli hujjatlari ish beruvchi tomonidan o‘rganilganini bildirgan. Javobgar vakili esa ishga qabul qilish jarayonida avvalgi sudlanganlik holati haqida ma’lumot berilmagani va qonunchilik talablari buzilgani haqida vajlar keltirib, da’voni rad etishni so‘ragan. Shu tariqa sud oldidagi asosiy masala — ish beruvchining buyrug‘i qonun talablariga muvofiq chiqarilganmi va xodimning mehnat munosabatlarini davom ettirishiga qonuniy to‘siq mavjudmi, degan savol bo‘ldi.

FIB sudi ish materiallarini, taraflarning tushuntirishlarini va taqdim etilgan dalillarni har tomonlama o‘rgandi. Sud O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 42-moddasida belgilangan munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash hamda mehnati uchun adolatli haq olish huquqiga tayandi.

Shuningdek, mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari va ish beruvchining buyrug‘ini rasmiylashtirishga oid Mehnat kodeksi normalari tahlil qilindi. Sud aniqlaganidek, ish beruvchining buyrug‘ida mehnat shartnomasini bekor qilishning huquqiy asosi tegishli bandlari va aniq ta’rifi bilan to‘liq ko‘rsatilmagan.

Mehnat munosabatlarini davom ettirishga monelik qiluvchi holatlar yetarlicha asoslanmagan, xodimni boshqa ishga o‘tkazish yoki unga mavjud boshqa ishni taklif etish choralari ham ko‘rilmagan. Sud, shuningdek, ish materiallaridagi ma’lumotlar va sud hujjatlarini baholab, da’vogarning sudlanganlik holati mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotni ham inobatga oldi. Natijada 2026-yil 10-iyunda sud da’vo talablarini qanoatlantirish haqida hal qiluv qarori qabul qilgan. Agentlik direktorining 2026-yil 27-yanvardagi buyrug‘i g‘ayriqonuniy deb topilib, bekor qilingan.

XNA avvalgi —loyiha ofisi bosh mutaxassisi lavozimiga ishga tiklandi. Shu bilan birga majburiy bekor yurgan vaqti uchun 69 236 024 so‘m ish haqi, 21 000 000 so‘m ma’naviy zarar va 41 200 so‘m pochta xarajati undirish belgilandi. Qarorning ishga tiklash qismi darhol ijroga qaratilishi ko‘rsatildi. Birinchi instansiya sudining xulosasi javobgar tomonidan qabul qilinmadi va Agentlik kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan.. Shikoyatda ish holatlariga to‘liq baho berilmagani hamda moddiy va protsessual huquq normalari buzilgani ta’kidlanib, hal qiluv qarorini bekor qilish so‘raldi.

Da’vogar esa sud qarorini o‘zgarishsiz qoldirishni so‘rab, e’tiroznoma taqdim etdi. 2026-yil 18-sentabrda viloyat sudining sudlov hay’ati ishni kassatsiya tartibida ko‘rib chiqdi. Hay’at birinchi instansiya sudining dalillarga bergan bahosini va qonun normalarini qo‘llashini tekshirib, ish beruvchi buyrug‘ida bekor qilish asoslari aniq va to‘liq ko‘rsatilmagani, xodimga boshqa ish taklif etish choralari ko‘rilmagani kabi holatlarni e’tiborga oldi.

Kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlar hal qiluv qarorini bekor qilish yoki o‘zgartirish uchun asos bo‘la olmasligi haqida xulosaga kelindi. Shu asosda viloyat sudi sudlov hay’atining ajrimi bilan sudining 2026 yil 10 iyundagi hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirildi. Bu xulosa ishni ko‘rishda qonun talablariga amal qilish, ish beruvchi qarorining asosliligini tekshirish va xodimning buzilgan mehnat huquqlarini samarali himoya qilish muhimligini yana bir bor ko‘rsatdi. Ushbu ishning ahamiyati faqat bir xodimning ishga qaytarilgani yoki unga tegishli to‘lovlar belgilanganidagina emas.

U har qanday mehnat munosabatida ish beruvchi ham, xodim ham qonun talablariga rioya etishi shartligini eslatadi. Mehnat shartnomasini bekor qilishda umumiy vajlar bilan cheklanib qolish mumkin emas: qaror qonuniy asosga ega bo‘lishi, buyruqda tegishli asos va uning mazmuni aniq ko‘rsatilishi, qonunda nazarda tutilgan tartib-taomillarga amal qilinishi lozim. Sudlar tomonidan dalillarni xolisona baholash va qonun normalarini izchil qo‘llash orqali fuqarolarning huquqlari tiklanishi jamiyatda qonun ustuvorligiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi.

Mazkur hal qiluv qaror bilan xodimnining ishi ham shu haqiqatni namoyon etdi: huquq buzilgan deb hisoblagan shaxs sudga murojaat qilish orqali o‘z manfaatlarini himoya qilish imkoniga ega, sud esa har bir holatni qonun va dalillar asosida baholashi shart. Adolat — faqat qabul qilingan qaror emas, balki insonning huquqi e’tirof etilib, uni tiklash uchun qonuniy chora ko‘rilganida namoyon bo‘ladi. Birinchi instansiya sudining ishga tiklash haqidagi hal qiluv qarori viloyat sudi kassatsiya instansiyasida ham o‘zgarishsiz qoldirilgani mehnat huquqlarini himoya qilishda sud nazoratining ahamiyatini tasdiqladi. Eng muhimi, ushbu ishda qonun ustuvorligi va xodimning mehnat huquqlarini himoya qilish tamoyili o‘z ifodasini topdi.

Nomozov Muzaffar Ergashovich

Surxondaryo viloyat sudining sudyasi.

22.10.2026-yil

Related Articles

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Back to top button