Hodisalar

Ogoh bo‘ling, yurtdoshlar !!!

Inson yaralibdiki, hayotda o‘z o‘rnini egallash, rizq-nasibasini topish uchun tinmay harakatda bo‘ladi. “Har kimning rizqi har yerda bo‘ladi”, — deyishadi xalqimiz. Kimdir o‘z qishlog‘i, o‘z shahri, o‘z yurtida non topsa, kimlardir omadini chet ellardan izlamoqda. Ishlashning, mehnat qilishning aybi yo‘q. Qaerda, qay holatda, qanday sharoitda, qancha mablag‘ evaziga, muhimi, u halol va qonuniy bo‘lsa, u qonun oldida ham, Yaratganning oldida ham barakali, beminnat va halovatli bo‘ladi.

Bugungi kunda yurtimizda o‘z kasbining ustasi bo‘lib, o‘z sohasida sidqidildan, halol ishlab ro‘zg‘or tebratib, oilasini boqayotgan, buning ustiga dang‘illama uylar qurib, istagan mashinasini olib minayotganlar, xalqning olqishi va duosini olib, el hurmati va xizmatida yurgan hamyurtlarimiz talaygina, bunday yutuqlarga olis yurtlarda shunday mehnat qilib erishayotganlar ham oz emas. Bunday muvaffaqiyatlarga erishish uchun u o‘z yurti yoki xorijda ishlashi muhim emas, muhimi u inson sog‘lig‘i uchun zararsiz, hayoti uchun xavfsiz bo‘lsa, nafaqat o‘zi uchun, balki oilasi, yaqinlari, eli, yurti uchun ham yaxshi bo‘ladi.

Biroq hozirda ishlash uchun, yaxshi daromad topish uchun olis yurtlarga borib ishlayotgan ayrim yurtdoshlarimiz mo‘may daromad ilinjida turli xil zararli yoki hayoti uchun xavfli bo‘lgan yo‘llardan borishmoqda. Ularning aksariyati turli xil aldovlarga uchib, yo o‘sha yer fuqaroligini qabul qilish, yoki ko‘p pul evaziga o‘sha yerda bo‘layotgan urushlarda, norozilik namoyishlarida ishtirok etishga rozi bo‘lishmoqda.

Urush — bu o‘z nomi bilan urush. U qurbonlarsiz bo‘lmaydi, albatta. To‘satdan kelib qolgan bitta daydi o‘q yoki snaryad tufayli bu omonat jon tanani tark etadi. Pul ham insonning joni emas. Joningizni to‘plagan bor boyligingiz bilan ham qaytib topa olmaysiz. U o‘zingizni qurbon qilishingizga arzimaydi. O‘zga yurt fuqaroligini qabul qilib ham sog‘inchlarsiz, halovatda yasholmaysiz.

Shuning uchun sizni bir umr ne umidlar bilan, ming mashaqqatlarga dosh berib  katta qilgan ota-onangizni, birga o‘sib-ulg‘ayib sizga mehr bergan, bugun esa sog‘-omon qaytishingizni intizor bo‘lib kutayotgan mehribon oilangizni,  yor-u birodarlaringizni, aziz yurtdoshlaringizni g‘am-qayg‘uda qoldirmay desangiz, o‘z vaqtida hushingizni yig‘ib oling. Sizning sog‘lig‘ingiz, sizning hayotingiz o‘sha pullardan, o‘sha to‘kis hayotdan ustun turadi.

Muxiddin Sulton

Related Articles

Back to top button