Ўзбекистон

Kelajakni begonalar emas, oʻzimiz yaratamiz

Maktabda adabiyot, tarix, geografiyani yaxshi oʻqirdim. Chunki oʻqituvchilarimiz mavzuni tushuntirish uchun jon-jahdi bilan harakat qilishar, qiziqarli oʻtishardi darslarni. Oʻshanda “Ustoz boʻlsammikin, koʻp narsani bilishadi, hamma havas qiladi ularga”, deb oʻylardim. Lekin yuqori sinfga oʻtgach, muallimlarimizdan birini oʻgʻil bola sinfdoshlarimiz birlashib doʻpposlashganini eshitib qalqib ketgandim. Keyin bilsam bu odatiy hol, katta sinf oʻquvchilari oʻqituvchilarni u qadar hurmat qilishmas, aksar ota-onalar esa ularni mensishmas ham ekan. Buni eshitib oʻshanda menda gʻalati kayfiyat paydo boʻlgani, “Hech qachon oʻqituvchi boʻlmayman” deganim esimda. Biroz vaqt oʻtib, muallimlarimizdan biri tirikchilik sabab maktabdan ketdi. Keyin boshqasi, soʻng yana boshqa biri. Ular oliy maʼlumotli boʻlsa-da, tayinli maosh olmagani sabab yaxshiroq pul topish uchun mardikorlik yoki tumanlararo taksichilik qilishardi. Goho ularni eski, toʻzgʻin kiyimda qaygadir ketayotgan yo yoʻlovchi chaqirayotgan holda koʻrardim. Salom bermoqchi boʻlib yaqinlashsam, mendan koʻzlarini olib qochayotganlarini sezib, toʻxtab qolardim. Nazarimda, oʻsha vaqtdagi ahvollari uchun sobiq oʻquvchisidan uyalishardi. Men ham ularni shu koʻyga solgan jamiyatimizdan, tuzumimizdan, odamlarimizdan, oʻzimdan uyalardim. Qani qoʻlimdan kelsa-yu, ularni yana maktabga qaytarsam, yana qiziq-qiziq darslarini eshitsam, derdim. Lekin qoʻlimdan hech narsa kelmasdi. Konstitutsiyaga kiritilishi kutilayotgan oʻzgarishlarni oʻqirkanman, oʻqituvchilar bilan bogʻliq modda (52-modda – Oʻzbekiston Respublikasida oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etiladi. Davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi)ni koʻrib, birdaniga shu holatlar esimga keldi. Oʻshandagi imkonsizligimga iloj topilayotganiga quvondim. Shu sabab Bosh Qomusimizga kiritilayotgan barcha moddalarni yaxshiroq oʻrgana boshladim. Shuning barobarida xotiralarim ham qatma-qat koʻtarilib kelaverdi. Misol uchun, ayollarga qilinadigan zoʻravonliklarga koʻriladigan jazolar haqidagi moddalarni oʻqib ichim yorishdi. Bolaligimda qishlogʻimizdagi, qoʻshni mahallalardagi ayollar oʻziga oʻt qoʻyib yuborgani yoki oʻzini osib oʻldirgani haqida koʻp eshitardim. Nega unday qilishgan degan savolimga, “Chidolmaganda” derdi onam va gʻamgin boʻlib qolardi. Balki ularga yordam berolmaganidan, balki ayolini qayta-qayta uravergan zoʻravon erni hech kim toʻxtatib qolmaganidan achchiqlanar, afsuslanardi. Konstitutsiyaga kiritilayotgan yangi modda ayollarning huquqini himoya qilish bilan birga, ularni hayotga boshqacha nigoh bilan qarashga koʻmak berishiga umid uygʻondi negadir koʻnglimda…

Oʻsmirlik vaqtidagi eng katta yaram dadamga tuhmat qilishgan vaqtlar paydo boʻlgan. Yangi ishga oʻtganlarida nimadir boʻldi-yu, dadamni tergovga chaqira boshlashdi. Garchi aybsiz boʻlsalar-da, odamlar bir zumda ularni jinoyatchiga chiqarishgandi. Chunki “organ” xodimlari dadamga xuddi aybdorlardek muomala qilishardi. Oʻshanda dadam, bobom, umuman oilamizdagi hamma juda tushkun, juda siniq boʻlib qolgandik. Hozir ham eslasam, koʻz oldimga dadam bobomning qoʻlini mahkam qisib oʻtirib, “Xavotir boʻlmang, hammasi yaxshi boʻladi, aybsizman” deyishlari kelaveradi. Shukrki, rostdan ham dadamning aybsizligi isbotlandi, lekin oʻsha vaqtda qilingan muomala sabab, ularda qolib ketgan jarohatni, odamlarga boʻlgan ishonchsizlikni bugun ham his qilib turaman, jonim ogʻriydi. Bilsam, bunaqa jarohatlar juda koʻp tanishlarimda bor ekan. Himoyalanmagan huquqlar, bajarilmagan majburiyatlar, talab qilinmagan haqlar sabab edi bularning bariga…

Yangi tahrirdagi konstitutsiyani oʻqib, shu oʻylar kechdi xayolimdan. Bularni yozarkanman, “Avval shunaqa qiyin edi, ammo bugun boshqacha, hozir biz boshqacha yashayapmiz”, deyish emas murodim. Aslida hozir ham ana shu illatlar jamiyatimizda, hayotimizda bor. Hozir ham oʻqituvchini indamasangiz, odam oʻrnida koʻrmaydigan nodon korchalonlar, zugʻumdan toʻyib ketgani uchun oʻzini oʻldirayotgan ayollar, aybsiz boʻla turib, isbotlanmagan gumon sabab sinib qolayotgan tadbirkorlar bor. Nega? Boisi bugunga qadar huquqlarimizga yetarlicha eʼtibor bermadik, “Baribir boʻlmaydi, kattaning aytgani aytgan, mazlum doim magʻlub” degan aqidani ongimizga singdirib oldik, balki majburan singdirildi.

Ammo referendum bu – yangilanish boʻlgani kabi, bizga ham yangiliklar, oʻzgarishlar zarur edi. Nafaqat konstitutsiyamizda, balki ongimizda, fikrlashimizda, yashashimizda. Nega bu qadar targʻib qilinyapti qomusning yangi tahriri? Nega kerak boʻlyapti bizga bu yangi tahrir, yangi moddalar? Bir karashda unchalik zarurati yoʻqdek tuyiladi buning, zamon oʻz zaylida davom etyapti, hammasi yaxshidek. Ammo, chuqurroq oʻylab qaralsa-chi? Aslida ham shundaymi? Aslida ham yurtimizda hamma oʻz huquqini, majburiyatini biladimi? Afsuski, bunga ijobiy javob berish biroz mushkul. Demak har yurtdoshimiz bilishi kerak oʻz huquqi, nimalarga majburmasligi, bu zaminda har bir odam tengligi, boshqa birov uning konstitutsion huquqlariga daxl qila olmasligini. Mana shundagina jamiyatda rivojlanish boʻladi. Oʻqituvchi mardikor boʻlmaydi, ayol shunchaki buyumga aylanmaydi, insonlar erki eng oliy qadriyat ekanini tushunib yetishadi. Bu xalq azal-azaldan jasoratli boʻlgan, faqat allakimlar mana shu narsani unutishimizni istashdi. Bugun esa bu tuygʻuni qayta his qilishimizga imkon berilyapti, nazarimda, bundan foydalanish kerak. Chunki bizga buyuk kelajakni hech kim qurib bermaydi, unga oʻz mehnatimiz, aqlimiz va harakatlarimiz orqali boramiz. Tanlov esa doimgidek oʻz qoʻlimizda. Men oʻz haq-huquqlarimga befarq emasman.

Feruza NURMAT qizi

Related Articles

Back to top button