Madaniyat

Fuqarolik protsessida sud xarajatlari tushunchasi va turlari

Fuqarolik ishlari boʻyicha odil sudlovni amalga oshirishda davlat tomonidan sarflanadigan mablagʻlarning muayyan qismi ishda manfaatdor boʻlgan shaxslar tomonidan toʻlanadi. qonun bu shaxslarga (fuqarolar va tashkilotlarga) sudlarda fuqarolik ishlarini yuritish yuzasidan qilinadigan sud xarajatlarini-davlat boji va ishni koʻrish bilan bogʻliq boʻlgan chikimlarni qoplashni yuklaydi.

Sud xarajatlarini bir qismini davlat boji tashkil etadi. Bu bojlar sudlar tomonidan fuqarolik ishini yurgizilishi munosabati bilan qilinadigan xarajatlar uchun olinadigan haq boʻlib koʻriladi. Davlat bojining miqdori qonun bilan belgilangan boʻlib, qoida boʻyicha daʻvo qiymati, yaʻni daʻvogarning mulkiy manfaatining pul bilan ifodalangan summasi miqdoriga bogʻliq boʻladi. Sud orqali talab qilinadigan pul yoki mulk qiymati qancha koʻp boʻlsa, olinadigan davlat boji ham shunga yarasha oshiqroq belgilanadi.

Ishning sudda koʻrilishi bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarning ikkinchi qismini sud chiqimlari tashkil qiladi. FPKning 109-moddasida belgilanganidek, ishni koʻrish bilan bogʻliq boʻlgan chiqimlar: guvohlarga va ekspertlarga toʻlanadigan summalardan, ish uchun ahamiyatli boʻlgan joyning sud tomonidan borib koʻrilishi bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlardan, FPKning 140-moddasida koʻrsatilgan hollarda javobgarni, chunonchi, aliment toʻlashdan yoki birovga yetkazilgan zarar haqini toʻlashdan qochgan shaxsni kidirish uchun qilingan xarajatlardan va sudning hal qiluv qarorini ijro etish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlardan iborat boʻladi.

Ishda manfaatdor boʻlgan shaxslar tomonidan sud xarajatlari toʻlatilishining ahamiyati davlat uchun mablagʻ olishda emas, balki taraflarning oʻzlarining fuqarolik huquqiy burchlarini ixtiyoriy ravishda bajarishga ragʻbatlantirish va asossiz nizolarning qoʻzgʻatilishiga yoʻl qoʻymaslikdir.

Sudda fuqarolik ishining yuritilishi munosabati bilan taraflarning qiladigan sud xarajatlari ularning shaxsiy va mulkiy huquqlarining hamda qonuniy manfaatlarining himoya qilinishi uchun sudga murojaat qilishlariga hech qanday toʻsqinlik qilmaydi. Bunga: fuqarolik ishlarining sudda koʻrilishiga toʻlanadigan davlat bojining oz miqdorda olinishi, ishni koʻrish bilan bogʻliq boʻlgan chiqimlarni minimal miqdorda belgilash, toʻlangan boj va chiqimlar sudda hal qilingan nizoda haqli boʻlgan tarafga qaytarilishi, qator ishlar boʻyicha daʻvogarlar davlat boji va ishni yuritish chiqimlarini toʻlashdan butunlay yoki qisman ozod qilinishi bilan erishiladi.

Davlat boji sud muassasalariga beriladigan daʻvo arizalaridan, organlar va mansabdor shaxslarning xatti-harakat (qaror)lari ustidan berilgan shikoyatlar, alohida tartibda koʻriladigan ishlar boʻyicha arizalar, sudlarning hal qiluv qarorlari ustidan kassatsiya tartibida shikoyatlar va nazorat tartibida protestlar keltirish toʻgʻrisida arizalar berganlik uchun, shuningdek sud muassasalari tomonidan qogʻozlar va hujjatlarning nusxalari berilganligi uchun olinadi.

Davlat bojining miqdori va uning toʻlanishi tartibi «Davlat boji toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasining 1992 yil 9 dekabr qonuni va shu asosda Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 3 noyabrdagi 533-sonli «Davlat boji stavkalari toʻgʻrisida»gi va unga kiritilgan oʻzgarishlar haqidagi qarori; Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 11 oktabrdagi 358-sonli qarori; davlat soliq qumitasi tomonidan 1993 yil 8 iyunda tasdiqlangan «Davlat boji toʻgʻrisida»gi yuriknomasi; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining «Fuqarolik ishlari boʻyicha sud xarajatlarini va jinoyat ishlari yuzasidan sud chiqimlarini undirish amaliyoti toʻgʻrisida»gi 1996 yil 20 dekabr qarori hamda FPKning 103-121-moddalari bilan belgilangan.1 Davlat boji fuqarolardan ham, korxonalar, muassasalar, tashkilotlardan ham olinadi.

Davlat boji oddiy, yaʻni qatʻiy stavkalarda, sum va tiyinlar bilan hisoblab olinadigan bojga va proporsional bojga, yaʻni daʻvo qiymati (summasi)ga nisbatan foiz bilan hisoblab undiriladigan bojga boʻlinadi.

Davlat boji dastlabki va muqobil daʻvo arizalari beruvchilardan, mustaqil daʻvo talablari bilan sudga murojaat qiluvchi uchinchi shaxslardan, shuningdek alohida tartibida koʻriladigan ishlar toʻgʻrisida ariza beruvchilardan hamda kassatsiya shikoyatlar va nazorat tartibida protestlar keltirish toʻgʻrisidagi ariza beruvchilardan olinadi. Xususiy shikoyatlar berilishida boj undirilmaydi, shuningdek sudlar tomonidan hujjatlarning koʻchirma nusxalari berilganligi uchun ham belgilangan tartibda boj undiriladi.

Bulardan tashqari yuqorida aytilganidek, davlat boji taraflarning va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning iltimoslari boʻyicha ishda boʻlgan qogʻozlar va hujjatlarning nusxalarini olishda undiriladi.

Boj sud tomonidan hal qiluv qarori, hukmlar va ajrimlarning nusxalarini takror berganlik uchun ham olinadi.

Dastlabki daʻvogarning roziligi boʻyicha uning boshqa shaxs bilan sud tomonidan almashtirilganida bu shaxs ham umumiy asoslarda boj toʻlashi lozim boʻladi. Bunday hollarda dastlabki daʻvogar tomonidan toʻlangan boj qaytarilmaydi.

Davlat boji davlat banki muassasasiga yoki jamgarma bankidagi yoxud benakd hisob-kitob qilish yoʻli bilan toʻlanadi va bu haqdagi kvitansiya sudga topshiriladi. Fuqarolar tomonidan sotib olingan davlat bojini markalari qaytib olinmaydi.

Boj markalari ariza yoki shikoyatga yopishtiriladi va mansabdor shaxsning imzosi bilan toʻlanishi sanasi koʻrsatilib bekor qilinadi.

FPKning 108-moddasiga va davlat boji toʻgʻrisidagi yuqorida keltirilgan qonun hujjatlariga muvofiq davlat bojini daʻvogarga quyidagi hollarda qaytariladi. Amaldagi qonun boʻyicha talab qilinganidan koʻp miqdorda boj toʻlangan boʻlsa; ariza (shikoyat)ni qabul qilish rad etilsa; FPKning 154-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha arizasi daʻvogarga qaytarib berilsa; FPKning 100-moddasi 1-3-bandida nazarda tutilgan asoslarga koʻra ish sudga taalluqli boʻlmaganligi sababli ishni yuritish tugatilgan boʻlsa, ariza muomalaga layoqatsiz shaxs tomonidan berilganligi sababli (FPKning 97-moddasi 1-bandi) koʻrilmay qoldirilsa qaytariladi. Bulardan tashqari davlat bojini qaytarish boj toʻgʻrisidagi qonunning 6-moddasida nazarda tutilgan hollarda ham qaytariladi.

Ishning sudda koʻrilishi bilan bogʻliq chiqimlar

qonunda koʻrsatilganidek, ishni koʻrish bilan bogʻliq boʻlgan chiqimlar: guvohlar va ekspetlarga toʻlanishi lozim boʻlgan summalardan, ish uchun ahamiyatli boʻlgan joyni koʻzdan kechirish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlardan, alimentlar va zarur haqini undirish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha javobgarni qidirish uchun qilingan hamda sudning hal qiluv qarorini ijro etish bilan bogʻliq xarajatlardan iborat boʻladi (FPKning 109-moddasi).

Guvohlar, ekspetlar, mutaxassislar va tarjimonlarga beriladigan pul, ular oʻz vazifalarini bajarib boʻlganlaridan soʻng, xarajatlar taraflardan undirib olinishidan qatʻiy nazar, sud tomonidan toʻlanadi (FPKning 112-moddasi).

Mehnat munosabatlarida boʻlgan xodimni sudda guvoh sifatida chakirilganida sudga kelishi munosabati bilan ishda boʻlmagan uchun vaqti uchun ish joyidagi urtacha ish haqi saqlanadi.

Xodimlarga mansub boʻlmagan guvohlar ishdan yoki odatdagi mashgʻulotlardan qoldirilganliklari haq olishga haqlidirlar. Bunday hollarda toʻlanadigan pulning miqdorini sud belgilaydi, lekin bu haqda mazkur joydagi tegishli malakali xodimning oʻrtacha ish haqidan ortiq boʻlmasligi kerak.

FPKning 113-moddasiga muvofiq guvohlar, ekspetlar, mutaxassislar va tarjimonlarga toʻlanadigan pulni yoki joyini borib koʻzdan kechirish xarajatlari uchun zarur boʻlgan pulni tegishli iltimos qilgan taraf oldindan toʻlab qoʻyadi. Agar mazkur iltimos ikki taraf tomonidan qilingan boʻlsa yoki guvohlarni, ekspetlarni, mutaxassislarni va tarjimonlarni chaqirish, joyiga borib koʻzdan kechirish sudning tashabbusi bilan bajarilsa, buning uchun kerakli summani taraflar baravar toʻlaydilar. Bu qonunlarda koʻrsatilgan summalar sud xarajatlarini toʻlashdan ozod qilingan tarafdan undirilmaydi.

Sud xarajatlarini toʻlashdan ozod qilish

Sud idoralarida koʻriladigan fuqarolik ishlari boʻyicha hamma hollarda ham sud xarajatlari undirilavermaydi.

Mustaqil Respublikamiz qonunlarining insonparvarlik ruhida tuzilganligi sud xarajatlariga oid huquqiy normalarda ham oʻz ifodasini topadi. qonunga binoan sud yoki sudya taraflarning mulkiy ahvollariga qarab, taraflarning biri yoki har ikkalasidan ham davlat daromadiga undiriladigan sud xarajatlarini toʻlashni kechiktirishga yoki boʻlib-boʻlib toʻlashga yoʻl qoʻyishi, shuningdek bu xarajatlarning miqdorini kamaytirishi yoxud bu xarajatlarni toʻlashdan butunlay ozod qilinishi mumkin.

Bu haqda FPKning 110-111-moddalariga va «Davlat boji toʻgʻrisida»gi yuqorida koʻrsatilgan qonunning 4-moddasida ayrim davlat budjetida turgan muassasalar, tashkilotlar ham davlat bojini toʻlashdan ozod qilinishi mumkinligi oʻz ifodasini topgan.

Ushbu darslikni uzlashtirishga yengillik tugʻdirish maqsadida boj toʻgʻrisidagi yuqoridagi qonunda imtiyoz berilganligini koʻrsatilgan.

Daʻvogarning talablari sud tomonidan qanoatlantirganida, u fuqarolik ishining yuritilishi tufayli qilgan xarajatlarning toʻlanishini talab qilishga haqli boʻladi. Bunday xarajatlar javobgarning daʻvogar oldidagi majburiyatlarni ixtiyoriy ravishda bajarmagani uchun va shu tufayli daʻvogar muayyan sud xarajatlarini qilishga majbur boʻlganligi uchun bu xarajatlar javobgar hisobidan undirilishi lozim boʻladi. Huddi shuningdek javobgar ham, agar daʻvogarning unga nisbatan qilgan daʻvo talablari rad qilinsa, ish yuzasidan qilgan xarajatlarning daʻvogar tomonidan oʻziga toʻlashini talab qila oladi.

Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari buyicha sudlov hay’ati sudya katta yordamchisi

J.Ubaydullayev

Related Articles

Check Also
Close
Back to top button