Маданият

TIL BILISH AHAMIYATI

Har tilni biluv emdi bani odama jondur,

Til vositai robitai olamiyondur.

G‘ayri tilini sa’y qiling bilgani, yoshlar,

Kim ilm-u hunarlar bilonki ondin ayondur.  

 Lozim siza har tilni biluv ona tilidek,

 Bilmakka oni g‘ayrat eting foida kondur.  

 Ilm-u fan uyig‘a yuboringlar bolangizni,

Onda o‘qug‘onlar bori yaktoyi zamondur.

Bu misralarni bundan bir asr ilgari maʼrifatparvar bobomiz Аvaz Oʼtar yozgan. Biz bugun oʼta qoloq deb qarashga oʼrganib qolganimiz oʼsha zamonda ham til oʼrganishga taraqqiyotning, dunyo bilan boʼylashishning muhim vositasi sifatida qaralganiga bobomizning ushbu xitobi yorqin misol boʼlishi mumkin.

Endi bugungi globallashib, madaniyatlar qorishib, qadriyatlaru milliy oʼzlik tushunchalari orasidagi masofalar tobora qisqarib borayotgan zamonaviy-­postmodern dunyoda jahonga integratsiya­lashishda til omili muhim va asosiy faktor sifatida yana maydonga chiqdi.

Bugun zamonning oʼzi shunday tenglamani hosil qildiki, unga koʼra, til bilmasang xalqaro biznesda, siyosatda, iqtisodiyotda, ilm-fanda, axborot va kommunikatsiya tarmogʼida senga joy yoʼq. Shafqatsiz va adolatsizday tuyuluvchi ushbu talab, garchi koʼpchilikka oʼngʼaysizlik tugʼdirsa-da, bugun barcha tomonidan tan olingan va deyarli qadriyat darajasiga aylanib borayotgan tamoyildir.

Til masalasi ijtimoiy faktor oʼlaroq, siyosiy-mafkuraviy ahamiyat ham kasb etgan. Hozirda buni ilgʼash koʼp qiyin emas. Nega desangiz, tilga barcha zamonlarda millatning madaniyatini, oʼtmishini, ruhiyati va oʼzligini oʼzida aks ettira oladigan eng qimmatli boylik, ilmiy tilda aytganda, eng noyob, maxsus milliy kod sifatida qaralgan va hozirda ham shunday.

Zero, bu masalaga oʼta tor nuqtai nazardan yondashish turli tushunmovchiliklarni keltirib chiqarishi ham bor gap. Masalan, baʼzi jamiyatlarda mavjud boʼlgan radikal va ultramillatchi qanotlarning «hukmron til», «gegemon tillar» va goʼyoki ular tashlayotgan koʼlanka ostida milliy tillarning qolib ketayotgani haqidagi baqir-chaqirlariga ijtimoiy tarmoqlarda kunda-kunora koʼzingiz tushishi mumkin. Ehtimol, ularning «oh-vohi»da ham jon bordir, balki ular mansub jamiyatlar hukmron siyosiy elitasi masalaga bir tomonlama yondashayotgandir. Yaʼni, jamiyatga jahon tillarini transformatsiya qilish milliy tillarning «piligini pasaytirish» evaziga boʼlayotgandir. Shunday ham boʼlishi mumkin. Аlbatta, bu yoʼl adolatli emas.

Shu maʼnoda gapirganda, til oʼrganish bugun qanchalik dolzarb ahamiyat kasb etishiga qaramasdan, milliy jamiyatlar oldiga «global taʼsir»lardan himoyalanish masalasini ham koʼndalang qoʼyayotir.

Bu, eng avvalo, etnik xususiyatlar, jumladan, milliy tilni rivojlantirish va parvarishlashni nazarda tutadi.

Shapsanov Rustam

O’zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti

Related Articles

Back to top button