G‘AZAB USTIDA SODIR ETILGAN QILMISH

Bir lahzalik g‘azab — uzoq yillik pushaymonlik.
Inson hayotida turli kelishmovchiliklar uchrab turadi. Ba’zan oddiy
gap-so‘zdan boshlangan tortishuv janjalga aylanadi. Agar inson g‘azabini jilovlay olmasa, bir lahzalik hissiyot og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Sud amaliyotida ham o‘zaro kelishmovchilik oqibatida tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq holatlar uchrab turadi.
Janjalning achchiq oqibati
Kunlarning birida ikki tanish o‘rtasida arzimas masala yuzasidan nizo kelib chiqdi. Dastlab oddiy tortishuvdan boshlangan gap-so‘zlar tez orada keskinlashdi. Tomonlar bir-birini tinglash o‘rniga, g‘azabga berildi.
Janjal davomida ulardan biri ikkinchisiga tan jarohati yetkazdi. Natijada jabrlanuvchi tibbiy yordam olishga majbur bo‘ldi.
Hodisa yuzasidan tekshiruv boshlanib, voqeaning kelib chiqish sabablari, ishtirokchilarning harakatlari va yetkazilgan tan jarohatining og‘irlik darajasi o‘rganildi.
Qilmishni sodir etgan shaxs esa keyinchalik o‘z harakatining oqibatlarini anglab yetdi. Ammo pushaymonlik sodir bo‘lgan voqeani ortga qaytarishga qodir emas edi.
Qonun qanday baho beradi?
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida shaxsning sog‘lig‘iga qarshi qaratilgan jinoyatlar uchun javobgarlik belgilangan.
Jumladan, Jinoyat kodeksining 104-moddasida qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, 105-moddasida esa qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish uchun javobgarlik nazarda tutilgan.
Biroq ayrim holatlarda qilmish kuchli ruhiy hayajonlanish ta’sirida sodir etilgan bo‘lishi mumkin.
Jinoyat kodeksining 106-moddasi jabrlanuvchining g‘ayriqonuniy zo‘rligi, og‘ir haqorati yoki aybdorning yoxud uning yaqin kishisining hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan boshqa g‘ayriqonuniy harakatlari tufayli to‘satdan yuzaga kelgan kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan badanga og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish uchun javobgarlikni belgilaydi.
Mazkur moddada bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima, 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari, ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari nazarda tutilgan.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, har qanday g‘azab yoki janjal kuchli ruhiy hayajonlanish holati deb baholanmaydi. Qilmishni 106-modda bilan kvalifikatsiya qilish uchun qonunda belgilangan shartlar mavjudligi aniqlanishi zarur.
Sudning vazifasi — holatlarga xolis baho berish
Bunday ishlarni ko‘rib chiqishda sud faqat janjal natijasiga emas, balki voqeaning kelib chiqish sabablari va barcha ahamiyatli holatlarga ham e’tibor qaratadi.
Jumladan, nizo qanday boshlangani, jabrlanuvchi tomonidan g‘ayriqonuniy harakatlar sodir etilgan-etilmagani, ayblanuvchida kuchli ruhiy hayajonlanish holati to‘satdan yuzaga kelgan-kelmagani, shuningdek, yetkazilgan jarohatning og‘irlik darajasi aniqlanishi lozim.
Qilmishning huquqiy bahosi dalillar va qonun talablari asosida beriladi. Shaxsning g‘azablangani o‘z-o‘zidan uni javobgarlikdan ozod qilmaydi.
G‘azab — insonga xos hissiyot, ammo uni boshqara bilish har bir shaxsning mas’uliyatidir. Oddiy kelishmovchilikni kuch ishlatish orqali hal qilishga urinish inson salomatligiga zarar yetkazishi va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Har qanday nizoda vaziyatni bosiqlik bilan baholash, o‘zaro hurmatni saqlash va muammoni qonuniy yo‘l bilan hal qilish muhimdir.
Zero, g‘azab bir lahzada keladi, ammo uning oqibatlari inson hayotida uzoq vaqt saqlanib qolishi mumkin.
Jinoyatishlaribo‘yicha
Uzuntumansudiningraisi
F.Mirzakulov



