HAQORATNING HUQUQIY OQIBATI: BIR OG‘IZ SO‘ZNING BAHOSI

Insonning sha’ni va qadr-qimmati uning eng muhim shaxsiy huquqlaridan biridir. Ba’zan bir og‘iz o‘ylamay aytilgan so‘z, jahl ustida bildirilgan haqorat yoki ijtimoiy tarmoqda qoldirilgan kamsituvchi izoh nizoning jiddiy huquqiy oqibatlarga olib kelishiga sabab bo‘ladi.
Ammo har qanday kelishmovchilik yoki qo‘pol muomala avtomatik ravishda huquqiy ma’nodagi haqorat hisoblanmaydi. Holatga huquqiy baho berishda aytilgan so‘zlarning mazmuni, ifodalanish shakli, qasd va ishning boshqa holatlari inobatga olinadi.
Haqorat uchun qanday javobgarlik belgilangan?
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 41-moddasida haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish uchun ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan.
Mazkur moddaga muvofiq, bunday qilmish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 40 baravarigacha jarima solinishi mumkin.
Masalan, o‘zaro nizo vaqtida boshqa shaxsni qasddan kamsitish, uning sha’ni va qadr-qimmatiga tegadigan haqoratli so‘zlarni ishlatish holati tegishli dalillar asosida baholanib, ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Haqorat takroran sodir etilsa-chi?
Haqorat qilish uchun javobgarlik ma’muriy jazo bilan cheklanib qolmasligi ham mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 140-moddasi birinchi qismiga muvofiq, haqorat qilish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin xuddi shunday qilmishni yana sodir etish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Ushbu jinoyat uchun BHMning 200 baravarigacha jarima, 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari belgilangan.
Shuningdek, haqoratni nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan tarzda, jumladan ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki internet orqali tarqatish uchun Jinoyat kodeksining 140-moddasi ikkinchi qismida alohida jazo nazarda tutilgan. Bunday holatda BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha jarima, 240 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari tayinlanishi mumkin.
Jinoyat kodeksining 140-moddasi uchinchi qismida esa jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan haqorat qilish, shuningdek qonunda belgilangan boshqa holatlar uchun BHMning 400 baravaridan 600 baravarigacha jarima, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikni cheklash jazolari belgilangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Uzun tuman sudining sudya yordamchisi
S.Xushboqov




