Маданият

HAR BIR MUROJAAT ORTIDA INSON TAQDIRI BOR

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 14 avgustdagi PF-160-son «“Odil sudlov — 2030”: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi to‘g‘risida»gi Farmoni mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilishni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan.

Sudga murojaat qilgan har bir inson o‘z huquq va qonuniy manfaatlari qonun asosida himoya qilinishiga ishonadi. Shu bois odil sudlovni ta’minlashda inson manfaatlariga e’tibor qaratish muhim ahamiyatga ega.

Har bir murojaat ortida inson taqdiri bor. Uning ortida oila, mol-mulk, mehnat, sha’n va qadr-qimmat yoki boshqa muhim huquqiy masala turgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun sudga murojaat qilgan shaxsning huquqlarini hurmat qilish, sud jarayonida qonuniylik va xolislikni ta’minlash sud faoliyatining muhim talablaridan biridir.

PF-160-son Farmonning 1-bandiga muvofiq, sud tizimini isloh qilish 6 ta ustun asosida amalga oshirilishi belgilangan. Bular — «Xalqchil sud», «Adolat qo‘rg‘oni», «Kafolatlangan adolat», «Adolat posbonlari», «Raqamli odil sudlov» va «Xalqaro e’tirof»dir.

«Xalqchil sud» ustuni sudlar faoliyatining shaffofligi, sud jarayonlari va sud faoliyatiga oid axborotdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, sud tizimining ochiqligini ta’minlash hamda sudlarni byurokratiyadan xoli tizimga aylantirishni nazarda tutadi. Bu yo‘nalish jamiyatda sudga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.

«Adolat qo‘rg‘oni» ustuni inson huquqlari ustuvorligini so‘zsiz ta’minlaydigan, har qanday ta’sir va aralashuvlardan xoli, mustaqil odil sudlov tizimini mustahkamlashga qaratilgan. Sudning mustaqilligi va inson huquqlarining ustuvorligi odil sudlovning muhim kafolatlaridan hisoblanadi.

«Kafolatlangan adolat» yo‘nalishida qonuniy, adolatli va asoslantirilgan sud qarorlarini qabul qilish, ularning sifati va barqarorligini ta’minlash orqali fuqarolarning buzilgan huquqlarini sudda tiklash kafolatlarini kuchaytirish belgilangan.

«Adolat posbonlari» ustuni xalq xizmatida bo‘lgan, yuksak ma’naviy va professional fazilatlarga ega, adolat mezonlariga qat’iy rioya qiluvchi sudyalar korpusini shakllantirishga qaratilgan. Bu esa sudyaning kasbiy mas’uliyati, odilligi va qonunga sodiqligiga yuksak talab qo‘yadi.

«Raqamli odil sudlov» ustuni sud ish yurituvini to‘liq raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali fuqarolar uchun ortiqcha ovoragarchiliklarsiz, qulay va tezkor sud muhokamasi imkoniyatini yaratishni nazarda tutadi.

«Xalqaro e’tirof» yo‘nalishida esa inson huquqlari sohasidagi ilg‘or xalqaro standartlarni milliy sud amaliyotiga implementatsiya qilish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirish maqsadi belgilangan.

Mazkur olti ustun bir-birini to‘ldirgan holda zamonaviy, ochiq, mustaqil va inson huquqlarini ishonchli himoya qiladigan sud tizimini shakllantirishga qaratilgan. Shu nuqtai nazardan, odil sudlovni ta’minlash faqat muayyan bir xodim yoki bo‘linmaning emas, balki sudyalar va sud apparati xodimlarining o‘zaro uyg‘un faoliyatini talab etadi.

Sudyaning ishlarni xolis va qonun asosida ko‘rib chiqishi, taraflarning huquqlarini ta’minlashi hamda qonuniy va asoslantirilgan sud hujjati qabul qilishi muhim bo‘lsa, sud apparati xodimlarining sud ishlarini belgilangan tartibda tashkil etishi, hujjatlarni yuritishi va sud faoliyatini tashkiliy jihatdan ta’minlashi ham shu maqsadga xizmat qiladi.

Shuningdek, Farmonda «Sudning faol ishtiroki» tamoyilini qo‘llash doirasini kengaytirish orqali sudga murojaat qilishda qulayliklar yaratish alohida yo‘nalish sifatida belgilangan. Bu fuqarolarning odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga qaratilgan.

Shunday ekan, «Odil sudlov — 2030» strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish sudyalar va sud apparati xodimlaridan o‘z vazifalariga mas’uliyat bilan yondashishni, qonun talablariga qat’iy rioya qilishni va fuqarolarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini hurmat qilishni talab etadi.

Zero, sudga murojaat qilgan inson uchun uning ishi oddiy bir ish raqami emas. Uning ortida huquqi, qonuniy manfaati va hayoti bilan bog‘liq muhim masala turgan bo‘lishi mumkin.

Shuning uchun har bir murojaatga e’tibor, har bir ishga mas’uliyat va har bir qarorga qonuniylik mezoni asosida yondashish — odil sudlovga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashning muhim shartlaridan biridir.

Har bir murojaat ortida inson taqdiri bor. Ana shu haqiqatni anglash va har bir ishga mas’uliyat bilan yondashish — adolatli va xalqchil sud tizimini shakllantirishning muhim shartlaridan biridir.

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Muzrabot tuman sudining

devonxona mudiri                                                                           

E.Tilovov

Related Articles

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Back to top button