“Molxona” romanida majoziy obrazlar orqali totalitar tuzum tanqidi

Qarshiyeva Rayxona Ne’mat qizi, Xatamova Marjona Sherali qizi
DTPI, Filologiya va tillarni o‘qitish yo’nalishi:
O‘zbek tili ta’limi, 4-bosqich talabasi.
Annotatsiya: Ushbu maqolada Jorj Oruellning “Molxona” (Animal Farm) asari majoziy obrazlar tizimi nuqtai nazaridan tahlil qilinadi. Asarda hayvonlar dunyosi orqali totalitar tuzumning shakllanish bosqichlari, hokimiyatning markazlashuvi va ommaviy ongni boshqarish mexanizmlari ochib beriladi. Maqolada Napoleon, Snowball va cho‘chqalar obrazlari hokimiyat ramzi sifatida, qo‘ylar va itlar esa ommaviy ong hamda repressiya apparati ramzi sifatida qiyosiy-tipologik metodda tahlil qilinadi.
Kalit so‘zlar: Molxona, Jorj Oruell, totalitarizm, allegoriya, majoziy obraz, hokimiyat, propaganda, ommaviy ong, Napoleon, Snowball.
Abstract: This article examines George Orwell’s «Animal Farm» through the lens of its system of allegorical imagery. Using the world of animals, the novel reveals the stages of formation of a totalitarian regime, the centralization of power, and the mechanisms of controlling mass consciousness. Napoleon, Snowball, and the pigs are analyzed as symbols of power, while the sheep and dogs are examined as symbols of mass consciousness and the repressive apparatus.
Keywords: Animal Farm, George Orwell, totalitarianism, allegory, symbolic image, power, propaganda, mass consciousness, Napoleon, Snowball.
Аннотация: В статье рассматривается роман Джорджа Оруэлла «Скотный двор» с точки зрения системы аллегорических образов. Через мир животных писатель раскрывает этапы формирования тоталитарного режима, централизацию власти и механизмы управления массовым сознанием. Наполеон, Снежок и свиньи анализируются как символы власти, а овцы и собаки — как символы массового сознания и репрессивного аппарата.
Ключевые слова: «Скотный двор», Джордж Оруэлл, тоталитаризм, аллегория, символический образ, власть, пропаганда, массовое сознание, Наполеон, Снежок.
Nega bir asar, oddiy fabula shaklida yozilgan bo‘lsa-da, deyarli sakson yildan beri o‘z ahamiyatini yo‘qotmayapti? “Molxona”ni o‘qiganda ko‘p kishida shunday savol tug‘’iladi. Javob, menimcha, shunda: bu asar faqat bir davr — Ikkinchi jahon urushi va undan keyingi inqiloblar davri — haqida emas, balki hokimiyat, omma va haqiqat o‘rtasidagi munosabatning o‘zgarmas qonuniyati haqida yozilgan. Har bir davrda, har bir jamiyatda hokimiyat markazlashishga, tarix esa “qulaylik uchun” qayta yozilishga moyil bo‘lib qoladi — Oruell buni deyarli bashoratona aniqlikda ko‘rsatib bergan.Jorj Oruell (asl ismi Erik Artur Bler, 1903–1950) — siyosiy adolatsizlikka nisbatan alohida sezgirligi bilan ajralib turgan yozuvchi. Ispaniya fuqarolar urushida bevosita ishtirok etgani, u yerda propaganda va haqiqatning qanday buzib ko‘rsatilishini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgani uning keyingi butun ijodiga iz qoldirgan. “Molxona” aynan shu tajriba asosida — rus inqilobi va undan keyin sovet jamiyatida yuz bergan jarayonlarga ishora qilib — yozilgan. Keyinchalik “1984” romani bilan birga bu asar jahon siyosiy adabiyotining eng ko‘p o‘qiladigan namunalaridan biriga aylangan.
Mazkur maqolada asardagi majoziy obrazlar ikki guruhga bo‘lib tahlil qilinadi: Napoleon, Snowball va cho‘chqalar — hokimiyat qanday shakllanib, markazlashib borishini ko‘rsatuvchi obrazlar sifatida; qo‘ylar va itlar esa — omma ongi qanday boshqarilishini ifodalovchi obrazlar sifatida. Maqsad — asarni faqat tarixiy allegoriya sifatida emas, balki bugungi kun uchun ham ma’noli badiiy dalil sifatida qayta o‘qishdir.
Napoleon, Snowball va cho‘chqalar — hokimiyat ramzi sifatida
Asarda cho‘chqalar boshidanoq boshqa hayvonlardan “aqlliroq” sifatida ko‘rsatiladi, va aynan shu — o‘qish-yozishni bilish, rejalashtira olish — ularga yetakchilikni deyarli tabiiy tarzda beradi. Lekin qiziq joyi shundaki, bu “tabiiy yetakchilik” romanning oxiriga borib butunlay boshqa narsaga aylanib qoladi: avval sut va olma faqat cho‘chqalarga qoladi, keyin uy, keyin to‘shak, oxiri esa ular ikki oyoqda yurib, aynan haydab chiqargan insonlar bilan bir stolda o‘tirishadi. Bu — inqilobiy elitaning eng xavfli tuzog‘i: g‘oya bilan boshlab, imtiyoz bilan tugatish.Ayniqsa Napoleon obrazi diqqatga sazovor. Boshida u boshqa yetakchilardan unchalik ajralib turmaydi, biroq asta-sekin — deyarli sezilmas tarzda — barcha qarorlarni o‘z qo‘liga oladi. Buning uchun unga alohida kuch kerak emas edi: yetarli edi, faqat, kuchukchalarni yoshligidan yashirincha o‘ziga sodiq qilib tarbiyalash. Keyinchalik aynan o‘sha itlar yordamida u raqiblarini haydaydi, so‘ngra yo‘q qiladi. Bu yerda hokimiyat markazlashuvining tanish sxemasini ko‘ramiz: avval muhokama cheklanadi, so‘ng har qanday e’tiroz “dushman fitnasi” deb e’lon qilinadi, nihoyat yagona haqiqat manbai faqat bitta shaxs bo‘lib qoladi. Devorga yozilgan qoidalar ham vaqt o‘tishi bilan “tuzatiladi” — bu esa tarixni qayta yozish, o‘z-o‘zidan, totalitar boshqaruvning eng sodda va shu bilan birga eng samarali qurolidir.
Snowball esa Napoleonga qarshi qo‘yilgan, deyarli teskari qahramon. U g‘oyalarga boy, kelajakni ko‘ra oladi (shamol tegirmoni loyihasi shundan dalolat), va — eng muhimi — omma bilan bevosita gaplasha oladi. Aslida aynan shu xususiyat uni xavfli raqibga aylantiradi. Zo‘ravonlik bilan haydab chiqarilgach, uning nomi keyin har qanday muvaffaqiyatsizlik uchun “aybdor” sifatida ishlatiladi — garchi u endi u yerda bo‘lmasa ham. Bu holat shuni ko‘rsatadiki, mafkuraviy raqibni jismonan yo‘q qilishning o‘zi kifoya qilmaydi — uning xotirasini ham qoralash, uni doimiy “tashqi dushman”ga aylantirib qo‘yish kerak bo‘ladi. Shunda omma haqiqiy muammolarni emas, balki “g‘oyib dushman”ni ayblashga o‘rganadi.
Shu o‘rinda Napoleon va Snowballni faqat aniq tarixiy shaxslarning nusxasi deb qarash unchalik to‘g‘ri emasdek tuyuladi menga. Albatta, ko‘plab tadqiqotchilar Napoleon obrazida sovet davri rahbariyati — xususan, Stalin siyosatining — aksini ko‘rishadi[1], Snowball obrazida esa undan haydalgan va keyinchalik obro‘sizlantirilgan muxolif siyosatchi, ya’ni Trotskiyning xususiyatlari mujassamlashganini ta’kidlaydilar, va bu asossiz emas. Ammo asarning kuchi aynan shundaki, bu ikki obraz orqali kengroq bir haqiqat ochiladi: har qanday inqilobda g‘oyaviy kurash, oxir-oqibat, shaxsiy hokimiyat kurashiga aylanib qolishi mumkin. Napoleon — kuch orqali, Snowball — ishontirish orqali harakat qiladi; ammo ikkalasi ham, aslida, bitta narsaga — hokimiyatga — intiladi.
Bu talqinni, aslida, Oruellning o‘zi ham tasdiqlaydi. 1946-yilda tanqidchi Dwight Makdonaldga yozgan xatida yozuvchi asarni birinchi navbatda rus inqilobiga satira sifatida yozganini, biroq bundan kengroq — har qanday zo‘ravon, ongsiz rahbarlar boshchiligidagi inqilob faqat rahbarlarning almashinuviga olib kelishini — anglatmoqchi bo‘lganini alohida ta’kidlagan[2]. Xuddi shu fikrni u Ukraincha nashrga yozgan so‘zboshisida ham qayd etib, asarning yakunini ataylab “kelishuv” emas, “nizo ohangi”da tugatganini tushuntirgan[3] — bu esa Napoleon va Snowball obrazlarining nafaqat tasodifiy, balki yozuvchi tomonidan ongli ravishda qurilgan siyosiy metafora ekanligini ko‘rsatadi.
Bu tizimda alohida o‘rinni Skvealer (Squealer) laqabli cho‘chqa egallaydi — u Napoleonning “og‘zi”, targ‘ibotchisi. Skvealerning eng qiziq xususiyati shundaki, u hech qachon ochiqdan-ochiq yolg‘on gapirmaydi, aksincha, har qanday qarorni — hatto ilgarigi qoidalarga zid bo‘lsa ham — “mantiqiy” tushuntira oladi. Aynan shu — haqiqatni bir zumda emas, balki asta-sekin, bosqichma-bosqich buzib borish — eng xavfli propaganda usuli ekan, chunki omma buni deyarli sezmay qoladi.
Qo‘ylar va itlar — ommaviy ong ramzi sifatida
Cho‘chqalar hokimiyat markazini ko‘rsatsa, qo‘ylar bilan itlar orqali Oruell butunlay boshqa savolga javob izlaydi: xo‘sh, oddiy omma bunga qanday chidaydi, hatto nega qo‘llab-quvvatlaydi? Qo‘ylar bu jihatdan alohida diqqatga loyiq — ular mustaqil fikrlashga umuman urinmaydi, faqat berilgan shiorni takrorlaydi, xolos. “To‘rt oyoq yaxshi, ikki oyoq yomon” degan sodda shior boshida haqiqatan ham ma’noli edi, ammo roman oxiriga borib u sekin-asta o‘zgartirilib, hatto dastlabki mazmuniga qarama-qarshi shaklga keltiriladi. Va eng achinarlisi — qo‘ylar buni sezmaydi ham. Ular tinimsiz baqirish orqali har qanday muhokamani, har qanday shubhani bostirib tashlaydi; ya’ni ommaviy ongning eng oson boshqariladigan, eng himoyasiz qismini aynan ular ifodalaydi[4].Itlar esa boshqacha ishlaydi — ular so‘z bilan emas, qo‘rquv bilan. Napoleon yoshligidanoq yashirincha tarbiyalab qo‘ygan kuchukchalar keyin uning shaxsiy jazolash mashinasiga aylanadi: avval Snowballni haydashda, keyin esa “aybdor” topilgan har qanday hayvonni jazolashda ishlatiladi. Bu yerda maxfiy nazorat va repressiya apparatining o‘ziga xos badiiy shaklini ko‘ramiz[5]. Lekin bir narsa e’tiborni tortadi: itlar ham aslida boshqa hayvonlar kabi ozod tug‘ilgan edi. Ularni faqat bitta xo‘jayinga so‘zsiz sodiq bo‘lishga o‘rgatishgan, xolos. Demak, qo‘rqinch tizimining o‘zi ham havodan paydo bo‘lmaydi — u ham, aslida, mahsus tarbiya va manipulyatsiya natijasi.Qo‘ylar ovoz bilan, itlar kuch bilan ishlaydi — biri targ‘ibot, ikkinchisi terror. Ammo bu ikkisi bir-birini to‘ldirmasa, tizim uzoq turolmasdi. Shu o‘rinda Boxer haqida ham to‘xtalmasdan bo‘lmaydi — u halol, mehnatkash, ammo hech narsani so‘roqqa tutmaydigan oddiy xalq vakilining timsoli. Uning “men yanada ko‘proq ishlayman” degan shiori aslida juda samimiy, lekin xuddi shu samimiylik uni fojiaga olib boradi: keksayib, kuchdan qolganda, u hech qanday mukofotsiz, sotib yuborilib, taqdiriga tashlab qo‘yiladi. Boxer obrazi orqali Oruell shuni ko’rsatmoqchi bo‘lgandek: eng yaxshi niyat ham, agar tanqidiy fikrlash bilan qo‘shilmasa, oson ekspluatatsiya qilinadi.
Umuman olganda, cho‘chqalar (Napoleon, Snowball, Skvealer) bir tomonda, qo‘ylar va itlar ikkinchi tomonda turib, birgalikda deyarli to‘liq totalitar model yaratadi: yuqorida — hokimiyatni o‘ziga qaratgan elita, o‘rtada — kuch orqali tartib saqlovchi apparat, pastda — shior orqali boshqariluvchi omma. Va bu model, aslida, faqat sovet tarixiga tegishli emas — uni deyarli har qanday davr va jamiyatga qo‘llash mumkin.
“Molxona” asaridagi majoziy obrazlar tizimi.
Snowball — g‘oyaviy va islohotchi yetakchi bo‘lib, keyinchalik “tashqi dushman” sifatida qoralanadigan muxolif obrazidir. Uning tarixiy prototipi
- Trotskiydir.
Skviler (Squealer) — rasmiy targ‘ibotchi, haqiqatni bosqichma-bosqich buzibko‘rsatuvchi va hukumat manfaatlariga xizmat qiluvchi propagandachidir. Ushbu obraz rasmiy sovet matbuoti va uning notiqlarini ifodalaydi.
Cho‘chqalar (umuman) — dastlabki g‘oyalardan chekinib, yangi imtiyozli boshqaruvchi tabaqaga aylangan elita vakillaridir. Ular sovet nomenklaturasi, ya’ni partiya rahbariyatini ramziy ifodalaydi.
Itlar — qo‘rquv orqali tartibni saqlovchi, maxfiy tarzda tarbiyalangan jazo va nazorat apparati vakillaridir. Ularning tarixiy prototipi maxfiy politsiya va repressiya organlari hisoblanadi.
Qo‘ylar — tanqidiy fikrlamaydigan, shiorlarni ko‘r-ko‘rona takrorlovchi ommaviy ong vakillaridir. Ular ommaviy targ‘ibot ta’siridagi aholini ifodalaydi.
Boxer — halol va mehnatkash, ammo savol bermaydigan, oxir-oqibat ekspluatatsiya qilinadigan oddiy xalq vakilidir. Uning ramziy prototipi sovet ishchi sinfi, ya’ni proletariat hisoblanadi.
Majoziy obrazlar orqali hokimiyat tanqidi — faqat G‘arb adabiyotiga xos hodisa emas. O‘zbek adabiyotida ham bu an’ana chuqur ildizlarga ega: Muhammad Sharif Gulxaniyning XIX asr boshida yozilgan “Zarbulmasal” asari xon va amaldorlarning zulmini qushlar va hayvonlar tilida fosh etadi. Ikki asarni qiyoslash shuni ko‘rsatadiki, turli davr va madaniyatlarda yaratilgan bo‘lsa-da, ular bir xil badiiy vositaga — hayvonlar olami orqali inson jamiyatini ko‘zguga solishga — murojaat qilgan.
“Molxona” va “Zarbulmasal”asarlarining qiyosiy tahlili
“Molxona” asarining asosiy obrazlari uy hayvonlari, jumladan, cho‘chqa, ot, it va qo‘ylardan iborat. Yozuvchi hayvonlar obrazlari orqali insonlar jamiyatidagi siyosiy munosabatlar, hokimiyat uchun kurash va ijtimoiy tengsizlikni ramziy tarzda ifodalaydi. “Zarbulmasal”da esa Boyo‘g‘li, Yapaloqqush, Ko‘rqush kabi qushlar hamda ayrim hayvonlar obrazlari orqali insonlarga xos xususiyatlar, jamiyatdagi illatlar va o‘zaro munosabatlar tasvirlanadi.
Har ikki asarda ham jamiyatdagi salbiy holatlarni fosh etish muhim o‘rin tutadi. “Molxona”da totalitar hokimiyat, inqilob g‘oyalarining buzilishi va yangi sinfiy tengsizlik tanqid qilinadi. “Zarbulmasal”da esa poraxo‘rlik, jaholat, adolatsizlik hamda xonliklar o‘rtasidagi nizolar hajviy yo‘sinda yoritiladi.
Badiiy an’ana jihatidan “Molxona” G‘arb adabiyotiga xos siyosiy allegoriya va distopik roman-ertak xususiyatlarini namoyon etadi. “Zarbulmasal” esa Sharq masalchilik an’analariga tayanib, xalq og‘zaki ijodi, maqol va hikmatli so‘zlardan keng foydalanilgani bilan ajralib turadi. Asarda 400 dan ortiq maqol va matallarning qo‘llanishi uning badiiy-estetik qiymatini oshiradi.
Asarlarning g‘oyaviy yakunida ham mushtaraklik va o‘ziga xoslik kuzatiladi. “Molxona”da hokimiyat nazoratsiz qolganida zulm va tengsizlik kuchayishi ko‘rsatiladi. “Zarbulmasal”da esa jamiyatdagi illatlarni hajv qilish orqali kishilarni ma’rifat, adolat va axloqiy komillikka undash g‘oyasi ilgari suriladi. Demak, har ikki asar turli davr va adabiy muhitda yaratilgan bo‘lsa-da, inson va jamiyat hayotidagi muammolarni ramziy obrazlar orqali ochib berishi bilan o‘zaro yaqinlashadi.
Xulosa qilib aytganda , “Molxona” — oddiygina hayvonlar haqidagi ertak emas, balki hokimiyatning ichki mexanizmini juda aniq ko‘rsatib beruvchi asar. Napoleon, Snowball va cho‘chqalar orqali biz hokimiyatning qanday shakllanib, markazlashib, oxir-oqibat o‘zi kurashgan zulmning aynan o‘ziga aylanib qolishini ko‘ramiz; qo‘ylar va itlar orqali esa — ommaning nega bunga chidashini, hatto qo‘llab-quvvatlashini tushunamiz. Ikkalasini birga qo‘yganda asarning asosiy fikri yanada aniq bo‘ladi: tuzum faqat rahbar almashgani bilan o‘zgarmaydi — u jamiyat tanqidiy fikrlashni yo‘qotmaganda, nazorat mexanizmlari saqlanib qolganda o‘zgaradi. Shu ma’noda “Molxona” — sakson yil oldingi voqealar haqida emas, balki bugun ham, ertaga ham dolzarb bo‘lib qoladigan bir ogohlantirish: omma hushyorligini yo‘qotgan zahoti, erkinlik shiori ostida yangi zulm tug‘ilaveradi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO’YXATI
- Orwell G. Animal Farm: A Fairy Story. — London: Secker & Warburg, 1945.
- Orwell G. «Why I Write» — Gangrel, 1946.
- Crick B. George Orwell: A Life. — London: Secker & Warburg, 1980.
- Meyers J. Orwell: Wintry Conscience of a Generation. — New York: W. W. Norton, 2000.
- Bloom H. (ed.) George Orwell’s Animal Farm (Bloom’s Modern Critical Interpretations). — New York: Chelsea House, 2007.
- Rodden J. The Politics of Literary Reputation: The Making and Claiming of «St. George» Orwell. — Oxford: Oxford University Press, 1989.
- www.sparknotes.com/lit/animalfarm/ — Animal Farm tahlili va sharhlar.
- Adabiyotshunoslik nazariyasi: darslik / Mas’ul muharrir B. Nazarov. — Toshkent: O’zbekiston, 2019. — Allegoriya va badiiy obraz masalalari.
- Qodirov P. Adabiyot nazariyasi asoslari. — Toshkent: Fan, 2015.
- Xolbekov M. Zamonaviy jahon adabiyoti: siyosiy roman janri masalalari. — Toshkent: TDPU nashriyoti, 2021.
[1]Napoleon Character Analysis in Animal Farm // SparkNotes. — URL: https://www.sparknotes.com/lit/animalfarm/character/napoleon/ (murojaat sanasi: 09.08.2026).
[2]Orwell G. Letter to Dwight Macdonald, December 1946 // George Orwell: Life in Letters (ed. Peter Davison). — New York: Liveright, 2013. Qarang: ‘Animal Farm: What Orwell Really Meant’ // The New York Review of Books, 2013. — URL: https://www.nybooks.com/articles/2013/07/11/animal-farm-what-orwell-really-meant/ (murojaat sanasi: 09.08.2026).
[3]Orwell G. Preface to the Ukrainian Edition of Animal Farm: A Fairy Story, March 1947 // The Orwell Foundation. — URL: https://www.orwellfoundation.com/the-orwell-foundation/orwell/books-by-orwell/animal-farm/preface-to-the-ukrainian-edition-of-animal-farm-by-george-orwell/ (murojaat sanasi: 09.08.2026).
[4]What do the sheep represent in «Animal Farm»? // Quizlet Explanations. — URL: https://quizlet.com/explanations/questions/what-do-the-sheep-represent-in-animal-farm-dcf2ddff-4d6eda64-116d-4c31-ac61-18175557abc9 (murojaat sanasi: 09.08.2026).
[5]Animal Farm: The Russian Revolution — Critical Essays // CliffsNotes. — URL: https://www.cliffsnotes.com/literature/a/animal-farm/critical-essays/the-russian-revolution (murojaat sanasi: 09.08.2026).




