FIRIBGARLIK — QONUN BILAN JAZOLANADIGAN JINOYAT

Bugungi kunda axborot texnologiyalari va internet tarmoqlarining keng rivojlanishi bilan bir qatorda fuqarolarning mol-mulki va mulkiy huquqlariga qarshi qaratilgan firibgarlik jinoyatlarining turli usullari ham uchrab turibdi.
Ayniqsa, telefon qo‘ng‘iroqlari, ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar va elektron to‘lov tizimlaridan foydalangan holda sodir etilayotgan firibgarlik holatlari fuqarolardan yanada hushyor va ehtiyotkor bo‘lishni talab etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasida firibgarlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Firibgarlik nima? Jinoyat kodeksining 168-moddasiga ko‘ra, firibgarlik — aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritish hisoblanadi. Bunda shaxs jabrlanuvchini ataylab chalg‘itishi, yolg‘on ma’lumot berishi yoki uning ishonchidan foydalanishi natijasida o‘zganing mol-mulkini yoki unga bo‘lgan huquqni egallaydi.
Masalan, internet orqali mavjud bo‘lmagan tovarni sotishni taklif qilish, soxta ma’lumotlar asosida pul mablag‘larini qo‘lga kiritish, o‘zini bank xodimi yoki boshqa tashkilot vakili sifatida tanishtirib, fuqaroning pul mablag‘larini olish kabi harakatlar muayyan holatlarda firibgarlik jinoyati sifatida baholanishi mumkin.
Firibgarlik uchun qanday jazo belgilangan? Jinoyat kodeksi 168-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan firibgarlik uchun:
• bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima;
• 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
• 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash;
• yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari belgilangan.
Firibgarlik ancha miqdorda yoki oldindan til biriktirgan bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilsa, javobgarlik kuchayadi. Bunday holatlarda bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 300 baravarigacha jarima, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.
Firibgarlik ko‘p miqdorda, takroran yoki xavfli residivist tomonidan, shuningdek axborot tizimidan, jumladan axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima, 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Firibgarlik juda ko‘p miqdorda, o‘ta xavfli residivist tomonidan, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab, shuningdek xizmat mavqeidan foydalanib sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravaridan 600 baravarigacha jarima yoki muayyan huquqdan mahrum etilgan holda 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.
Zararni qoplashning ahamiyati Jinoyat kodeksi 168-moddasida yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan holat ham nazarda tutilgan. Xususan, yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.
Shuning uchun jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni qoplash masalasi ham qonunchilikda muhim huquqiy ahamiyatga ega. Fuqarolar qanday ehtiyot choralarini ko‘rishi kerak?
Firibgarlikning oldini olishda fuqarolarning hushyorligi muhim ahamiyat kasb etadi. Noma’lum shaxslarga bank kartasi ma’lumotlarini, SMS orqali kelgan tasdiqlash kodlarini, shaxsiy ma’lumotlarni bermaslik, shubhali havolalarni ochmaslik va ishonchsiz manbalar orqali pul mablag‘larini o‘tkazmaslik lozim. Ayniqsa, “bank xodimiman”, “sizga kredit chiqdi”, “hisobingiz bloklandi”, “sovrin yutdingiz” kabi xabar va qo‘ng‘iroqlarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish zarur. Har qanday moliyaviy operatsiyani amalga oshirishdan oldin ma’lumotlarning haqqoniyligini tegishli tashkilotlarning rasmiy manbalari orqali tekshirish maqsadga muvofiq.
Firibgarlik — shaxsning mulki yoki mulkiy huquqlariga tajovuz qiluvchi jinoyat bo‘lib, uni sodir etgan shaxsga qilmishning xususiyati, miqdori va boshqa og‘irlashtiruvchi holatlardan kelib chiqib Jinoyat kodeksining 168-moddasida nazarda tutilgan jazolar qo‘llaniladi. Hushyorlik — firibgarlikdan himoyaning muhim vositasidir. Har bir fuqaro o‘z mulki va shaxsiy ma’lumotlarini ehtiyot qilishi, sh
ubhali takliflarga ishonmasligi hamda firibgarlik alomatlariga duch kelganda tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishi lozim. Qonunni bilish va unga rioya qilish — o‘z huquq va manfaatlarimizni himoya qilishning eng ishonchli kafolatlaridan biridir.
Surxondaryo viloyat sudi sudyasi
O.Hayitov




