Маданият

Giyohvandlik-inson hayoti va va jamiyat kelajagiga tahdid

Bugungi kunda jahon miqyosida dolzarb muammolardan biri sifatida e’tirof etilayotgan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi nafaqat inson salomatligiga, balki jamiyat barqarorligi, oilalar mustahkamligi va yoshlar kelajagiga ham jiddiy xavf tug‘dirmoqda.

Shu bois mamlakatimizda mazkur illatga qarshi kurashish, aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, ularni turli salbiy ta’sirlardan muhofaza qilish davlat siyosati darajasidagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning analoglari hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasiga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy asoslar muntazam takomillashtirib borilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining 2026- yil 11-iyunda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarining va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi Qonuni mazkur sohadagi huquqiy munosabatlarni yanada samarali tartibga solishga xizmat qiladi.

Mazkur Qonunning qabul qilinishi zamirida huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini yanada takomillashtirish hamda aholining huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish maqsadi mujassam.

Qonun bilan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari aniqlashtirildi, huquqni qo‘llash amaliyotida uchrayotgan ayrim muammolarni bartaraf etishga qaratilgan huquqiy mexanizmlar joriy etildi.

Alohida ta’kidlash lozimki, giyohvandlik insonning nafaqat jismoniy, balki ma’naviy hayotini ham izdan chiqaradi. Uning oqibatida shaxsning sog‘lig‘i yomonlashadi, oilaviy munosabatlar buziladi, jamiyatda huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatlari ortishiga zamin yaratiladi.

Eng achinarlisi, ushbu illat ta’siriga tushgan yoshlar o‘z orzu-maqsadlaridan uzoqlashib, hayotda munosib o‘rin egallash imkoniyatini boy berishi mumkin.

Shu sababli ta’lim muassasalarida yoshlar bilan muntazam ravishda ma’rifiy-huquqiy tadbirlar o‘tkazish muhim ahamiyat kasb etadi.

 Bunday uchrashuvlar orqali talabalar va o‘quvchilarga giyohvandlikning salbiy oqibatlari, qonunchilikda belgilangan javobgarlik choralari hamda sog‘lom turmush tarzining ahamiyati haqida keng tushunchalar beriladi.

Bu esa yoshlarda huquqiy immunitetni shakllantirish, ularni turli yot g‘oyalar va zararli odatlar ta’siridan asrashga xizmat qiladi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadlaridan biri inson qadrini ulug‘lash, aholining tinch va osoyishta hayot kechirishini ta’minlashdan iborat. Giyohvandlikka qarshi kurashish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish ham aynan shu ezgu maqsadlarga xizmat qiladi. Zero, sog‘lom avlod – davlat va jamiyat taraqqiyotining mustahkam poydevori hisoblanadi.

Har bir fuqaro, ayniqsa yoshlar giyohvandlikka qarshi murosasiz munosabatni shakllantirishi, QONUN talablariga qat’iy rioya qilishi va sog‘lom hayot tarzini tanlashi lozim. Chunki kelajagimiz, yurtimiz taraqqiyoti va millat ravnaqi har birimizning ongli tanlovimizga bog‘liq.

Giyohvandlikka qarshi kurashish – faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki butun jamiyatning umumiy vazifasidir.

 Biz birgalikda ushbu illatga qarshi qat’iy kurash olib borsak, sog‘lom, ma’naviy yetuk va barkamol avlodni tarbiyalashdek ulug‘ maqsadimizga albatta erishamiz.

Biz giyohvandlikka qarshimiz, chunki biz sog‘lom va farovon kelajak tarafdorimiz.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha

Sariosiyo tumanlararo sudining devonxona mudiri

Boborajabov Yoqubjon Murodalievich

 

Related Articles

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Back to top button