GIYoHVANDLIK VOSITALARI BILAN BOG‘LIQ JINOYaTLARNING OLDINI OLAYLIK

Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning analoglarining qonunga xilof muomalasi inson salomatligi, yosh avlod kelajagi, oila farovonligi va jamiyat xavfsizligiga jiddiy xavf tug‘diradi.
Shu sababli O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida mazkur vositalarning qonunga xilof muomalasi bilan bog‘liq qilmishlar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan. Jumladan, Jinoyat kodeksining 270–276-moddalari giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning analoglari bilan bog‘liq turli jinoiy qilmishlar uchun javobgarlikni nazarda tutadi. 2026 yil 11 iyundagi O‘RQ-1151-son Qonun bilan ushbu sohadagi jinoiy javobgarlik normalariga qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan.
270-modda. Taqiqlangan ekinlarni yetishtirish
Jinoyat kodeksining 270-moddasi tarkibida giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar mavjud bo‘lgan, ekish va yetishtirish taqiqlangan ekinlarni qonunga xilof ravishda ekish yoki yetishtirish bilan bog‘liq qilmishlar uchun javobgarlikni belgilaydi.
Bunday ekinlarni ekish yoki yetishtirish qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi. Qilmishning takroran, xavfli residivist yoki giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq qator jinoyatlarni ilgari sodir etgan shaxs tomonidan sodir etilishi javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlardan hisoblanadi. Jazo: qilmishning tarkibi va og‘irlashtiruvchi holatlariga qarab jarima, majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish kabi jazolar qo‘llanilishi mumkin.
271-modda. Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarini qonunga xilof ravishda egallash
Mazkur modda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarini qonunga xilof ravishda egallash holatlarini qamrab oladi. Qonunchilikda qilmishning usuli, miqdori, takroriyligi va boshqa holatlariga qarab javobgarlikning og‘irroq turlari belgilangan. Jazo: qilmishning tegishli qismiga qarab jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazolari qo‘llanilishi mumkin.
272-modda. Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarini qonunga xilof ravishda o‘tkazish
Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarini qonunga xilof ravishda boshqa shaxsga o‘tkazish jamiyat uchun xavfli qilmishlardan biri hisoblanadi. Bunday harakatlar sotish, berish yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa shaklda o‘tkazish ko‘rinishida namoyon bo‘lishi mumkin. Jazo: qilmishning xususiyati va og‘irlashtiruvchi holatlariga qarab ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish kabi jazolar qo‘llanilishi mumkin.
273-modda. O‘tkazish maqsadida giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof muomala qilish
Jinoyat kodeksining 273-moddasi giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish holatlarini nazarda tutadi.
Qilmishning miqdori, sodir etish usuli, shaxsning avvalgi jinoiy faoliyati va boshqa holatlarga qarab javobgarlik sezilarli darajada og‘irlashadi. Jazolar: ko‘p bo‘lmagan miqdorda sodir etilganda — 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish;
miqdor ozginadan ko‘proq bo‘lganda — 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish;
qonun nazarda tutgan og‘irlashtiruvchi holatlarda — 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish;
laboratoriyada tayyorlash, bangixona tashkil qilish yoki o‘ta xavfli residivist yoxud uyushgan guruh bilan bog‘liq og‘ir holatlarda — 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish;
giyohvandlik vositalarini ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish — 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.
Shu sababli giyohvandlik vositalarini sotish yoki tarqatish bilan bog‘liq harakatlarning oqibati nihoyatda og‘ir bo‘lishi mumkin.
274-modda. Giyohvandlikni targ‘ib qilish va iste’molga jalb etish
Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarini targ‘ib qiluvchi mahsulotlarni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish yoki namoyish etish, shuningdek shaxslarni bunday vositalarni iste’mol qilishga jalb etish qonun bilan taqiqlangan.
2026 yilgi o‘zgartishlar bilan moddaning nomi va ayrim qoidalari yanada aniqlashtirilgan. Jumladan, giyohvandlik vositalarini targ‘ib qiluvchi axborotni telekommunikatsiya tarmoqlari va Internet orqali tarqatish ham huquqiy javobgarlik masalasini keltirib chiqarishi mumkin.
Jazo: qilmishning tegishli qismiga qarab: jarima; majburiy jamoat ishlari; axloq tuzatish ishlari; ozodlikni cheklash; ozodlikdan mahrum qilish jazolari qo‘llanilishi mumkin. Ayniqsa, ta’lim tashkilotlari hududida, jazoni ijro etish joylarida yoki ikki va undan ortiq shaxsga nisbatan sodir etilgan qilmishlar uchun og‘irroq jazo belgilangan.
275-modda. Giyohvandlik vositalari bilan muomala qilish qoidalarini buzish
Qonunchilikda ayrim giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar tibbiy, ilmiy yoki boshqa qonuniy maqsadlarda maxsus tartibda muomalada bo‘lishi mumkin. Ularni ishlab chiqarish, saqlash, hisobga olish, berish, tashish yoki jo‘natishning belgilangan qoidalarini buzish ham jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Jazo: BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha jarima; 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish; 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari; 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash; yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.
276-modda. O‘tkazish maqsadisiz giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof muomala
Jinoyat kodeksining 276-moddasi giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay, qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olish, tashish yoki jo‘natish uchun javobgarlikni belgilaydi. Birinchi qismidagi jazolar: BHMning 50 baravarigacha jarima; 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari; 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari; 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash; yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish. Agar qilmish ko‘p miqdorda yoki qonun nazarda tutgan ilgarigi jinoiy faoliyat bilan bog‘liq holda sodir etilsa, — 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin. Shu bilan birga, shaxs giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda saqlagan bo‘lsa, uning “sotish niyati yo‘q edi” degan vaji avtomatik ravishda javobgarlikni istisno qilmaydi. Qilmishning barcha holatlari qonun talablari asosida baholanadi.
GIYOHVANDLIKKA QARSHI KURASH — BARCHAMIZNING VAZIFAMIZ
Giyohvandlikning oldini olish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas. Oila, mahalla, ta’lim muassasalari va jamoatchilikning ham bu boradagi mas’uliyati katta. Ota-onalar farzandlari bilan muntazam muloqot qilishi, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishi va shubhali muhitdan himoya qilishga e’tibor qaratishi muhim.
Yoshlar esa shubhali takliflardan uzoq bo‘lishi, giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq har qanday qonunga xilof harakatlarda ishtirok etmasligi lozim.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Uzun tuman sudining raisi
F.Mirzakulov




