GIYOHVANDLIK VOSITALARI BILAN BOG‘LIQ QONUNBUZILISHLARGA YO‘L QO‘YMANG!

Inson salomatligi, yosh avlodning kelajagi va jamiyat xavfsizligiga jiddiy tahdid soluvchi illatlardan biri — giyohvandlikdir.
Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning qonunga xilof muomalasi nafaqat insonning sog‘lig‘iga, balki uning oilasi, atrofidagi yaqinlari va butun jamiyatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu sababli mamlakatimiz qonunchiligida giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalar bilan bog‘liq qonunbuzilishlar uchun tegishli javobgarlik belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 56-moddasi nimani nazarda tutadi?
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 56-moddasi giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay, oz miqdorda qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish bilan bog‘liq harakatlar uchun ma’muriy javobgarlikni belgilaydi.
Demak, shaxsda ushbu moddalarning oz miqdorda bo‘lishi va ularni boshqa shaxsga o‘tkazish maqsadi mavjud emasligi holatning huquqiy baholanishida muhim ahamiyatga ega.
Bunda har bir holatning aniq holatlari, moddaning turi va miqdori hamda boshqa huquqiy ahamiyatga ega holatlar qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlanadi.
QANDAY HARAKATLAR JAVOBGARLIKKA SABAB BO‘LISHI MUMKIN?
Mazkur modda doirasida qonunga xilof ravishda:
-giyohvandlik vositalarini tayyorlash;
-ularni qonunga xilof ravishda olish;
-saqlash;
-tashish;
-jo‘natish
kabi harakatlar uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.
Shu bilan birga, ushbu harakatlar o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay va qonunchilikda belgilangan oz miqdor doirasida bo‘lishi MJtKning
56-moddasidagi huquqbuzarlik tarkibi uchun muhim shart hisoblanadi.
QANDAY JAZO BELGILANGAN?
O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 56-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir etilganda, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari musodara qilinib, huquqbuzarga:
BHMning 1 baravaridan 2 baravarigacha miqdorda jarima yoki
15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin.
Bu esa giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq hatto oz miqdordagi qonunbuzilish ham huquqiy oqibatlarga olib kelishini ko‘rsatadi.
“OZ MIQDOR” TUSHUNCHASIGA E’TIBORLI BO‘LISH LOZIM
Giyohvandlik vositasi yoki uning analogi miqdorini baholash oddiy ko‘z bilan yoki shaxsiy tasavvur asosida amalga oshirilmaydi.
Qonunchilikda tegishli moddalarning miqdoriga qarab ularning huquqiy maqomi belgilanadi. 2026 yil 2 iyulda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 359-son qarorida ham qonunga xilof muomalada bo‘lgan giyohvandlik vositasi yoki uning analoglarining ko‘p bo‘lmagan miqdordan kam miqdori “oz miqdor” sifatida belgilanishi ko‘rsatilgan.
Shuning uchun har qanday holatda moddaning aniq turi va miqdori qonunchilikda belgilangan tartibda baholanadi.
MA’MURIY HUQUQBUZARLIK VA JINOYATNI FARQLASH MUHIM
Giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq har bir holat avtomatik ravishda faqat ma’muriy huquqbuzarlik deb baholanmaydi.
Qilmishning xususiyati, moddaning turi va miqdori, uning maqsadi hamda boshqa holatlarga qarab qilmishga ma’muriy yoki jinoiy-huquqiy baho berilishi mumkin.
Shuning uchun giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda olish, saqlash, tashish yoki ular bilan boshqa harakatlarni amalga oshirishdan butunlay voz kechish zarur.
YOSHLARNI GIYOHVANDLIKDAN ASRAYLIK
Giyohvandlikka qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas. Bu borada ota-onalar, ta’lim muassasalari, mahalla va keng jamoatchilikning ham mas’uliyati katta.
Yoshlarga giyohvandlik vositalarining zarari, ulardan foydalanishning salbiy oqibatlari va qonunchilikda belgilangan javobgarlik haqida muntazam tushuntirish ishlarini olib borish muhim.
Ayniqsa, internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan shubhali takliflarga ishonmaslik, notanish shaxslardan kelib tushgan shubhali buyum yoki moddalarni qabul qilmaslik va ular bilan bog‘liq qonunga xilof harakatlarda ishtirok etmaslik lozim.
Giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq har qanday qonunbuzilish inson hayoti va kelajagiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Qonunni bilmaslik esa javobgarlikdan ozod qilmaydi.
Giyohvandlikka yo‘l qo‘ymang!
Qonunga xilof moddalarni olmang, saqlamang, tashimang va jo‘natmang!
Farzandlarimiz kelajagi va jamiyatimiz xavfsizligini birgalikda asraylik!
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Uzun tuman sudining tergov sudyasi
A.Alikulov




