Маданият

OILAVIY ZO‘RAVONLIKKA YO‘L QO‘YMANG!

Qonun oilada tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashni talab qiladi

Oila — inson uchun mehr, hurmat va o‘zaro ishonch qaror topishi lozim bo‘lgan muqaddas maskandir. Oiladagi nizo va kelishmovchiliklarni zo‘ravonlik, qo‘rqitish yoki tahqirlash orqali hal etish esa qonunchilikka zid bo‘lib, belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 59²-moddasi “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik” deb nomlanadi.

Qaysi harakatlar oilaviy zo‘ravonlik hisoblanadi?

Qonunchilikda belgilanganidek, xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan:

mulk, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va mehnatga oid huquqlarni amalga oshirishga to‘sqinlik qilish;

mol-mulki yoki shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish;

sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash;

qo‘rqitish;

yaqin qarindoshlaridan ajratib qo‘yish

kabi harakatlar, agar ularda jinoyat yoki boshqa ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari mavjud bo‘lmasa, 59²-modda doirasida huquqiy baholanishi mumkin.

Shuningdek, xotinini, erini, sobiq xotinini, sobiq erini, bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsni yoki bolani, shuningdek umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsni do‘pposlash yoki sog‘liqning qisqa muddatga yomonlashuviga yoxud mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qolishiga olib kelmagan qasddan yengil tan jarohati yetkazish ham mazkur moddada nazarda tutilgan.

Javobgarlik qanday?

MJtKning 59²-moddasida nazarda tutilgan holatlar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 20 baravarigacha jarima yoki

15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi belgilangan.

Shu bilan birga, sodir etilgan qilmishning xususiyati va oqibatlariga qarab, holatda jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik alomatlari mavjudligi masalasi ham huquqiy jihatdan baholanadi.

Zo‘ravonlik — oilaviy masala emas, huquqiy masala

“Oilaviy ish”, “er-xotinning o‘rtasidagi masala” degan tushunchalar zo‘ravonlikni oqlamaydi.

Oila a’zolarining sha’ni, qadr-qimmati, hayoti, sog‘lig‘i va qonuniy huquqlari himoya qilinishi shart.

Kelishmovchilik yuzaga kelganda uni kuch ishlatish, haqoratlash, qo‘rqitish yoki mulkka zarar yetkazish orqali hal qilish o‘rniga, muammoni tinch yo‘l bilan hal etish, zarur hollarda esa tegishli mutasaddi organlarga murojaat qilish lozim.

Oilada sog‘lom muhitni shakllantirish har bir oila a’zosining mas’uliyatidir.

Zo‘ravonlikning oldini olish — oilani asrashdir.

Hurmat va mehr — oila tinchligining asosidir.

Qonunga rioya qilish — har bir insonning burchidir.

Oilada o‘zaro hurmat va bag‘rikenglikni qaror toptirish, farzandlarni sog‘lom muhitda tarbiyalash va har qanday zo‘ravonlik holatiga befarq bo‘lmaslik barqaror va osoyishta jamiyatni shakllantirishga xizmat qiladi.

Oilada zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymang — tinch va farovon oilani birgalikda asraylik!

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Uzun tuman sudining tergov sudyasi

A.Alikulov

 

 

Related Articles

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Back to top button