Бу қизиқ

Jismoniy shaxslarning ijro hujjatini ijro etmaganlik uchun javobgarligi

Fuqarolarning ijro hujjatini ijro etmaganlik uchun javobgarligi faqatgina ijro ishi yuritish talablarini buzgandagina kelib chiqadi. Fuqarolarga ijro hujjatini ijro etmaganlik uchun javobgarlikni qo‘llash vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi. Jismoniy shaxslarga ijro hujjati talabini bajarmaganligi uchun javobgarlikka tortishga sud ijrochilari hamda sud vakolatli.

Ijro ishi  yuritish jarayonining boshqa ishtirokchilari ham fuqaroviy huquqiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Masalan, saqlovchi xatlangan mulkni yo‘qotganligi yoki unga ziyonetkazganligi sabab javobgarlikka  tortiladi. Saklovchi qarzdorning xatlangangan mulkini yashirganligi, boshqa birovga noqonuniy berganligi yoki sotib yuborganligi uchun nafaqat jinoiy, balki moddiy javobgarlikka ham tortiladi.

“Sud  hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq qarzdor ijro hujjatini belgilangan muddatda uzrsiz sabablarga ko‘ra ijro etmaganda, shuningdek uning ijrosiga to‘sqinlik qilgan hollarda qonunda belgilangan tartibda­javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi.

Ijro hujjatini ijro etishga to‘sqinlik qilganligi uchun javobgarlik.

O‘zbekiston  Respublikasi Konstitutsiyasining 114-moddasiga muvofiq  sud hokimiyati chiqargan hujjatlar barcha davlat organlari, jamoat  birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir.

Sud hujjatini bajarishdan bo‘yin tovlash, uning ijro etilishiga to‘sqinlik qilish odil sudlov obro‘siga putur, davlat va jamoat manfaatlariga zarar yetkazadi, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquq va qonuniy manfaatlari tiklanishiga qaratilgan faoliyatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shu munosabat bilan, Jinoyat kodeksi sud hujjatini bajarishdan bo‘yin tovlash va uning ijro etilishiga to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq qator jinoyatlar, qaysiki voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash (JK 122-moddasi), ota-onani moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash (JK 123-moddasi), mehnat qilish huquqini buzish (JK 148-moddasi), sud hujjatini ijro etmaslik (JK 232-moddasi), band solingan mulkni qonunga xilof ravishda tasarruf etish (JK 233-moddasi) uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutadi.

Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik.

Sud hujjatlari ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish tizimida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lgan yuridik vositalardir. Zotan, sud hujjatlari yordamida huquqiy normalarning amalga oshishi yuz beradi hamda huquqiy tartibga solish tizimida vujudga kelgan “nosozlik”lar bartaraf etiladi. Sud hujjatini ijro etmaslik ko‘pchilik holatlarda nafaqat sudning obro‘siga daxl qiladi, balki juda katta iqtisodiy zarar yetkazishi ham mumkin. Sud hujjatini ijro etmaslik ijtimoiy xavfli qilmish hisoblanadi. Sud hujjatlari ijrosini ta’minlashda ularni ijro etmaganlik uchun javobgarlik choralarining belgilanishi ushbu qilmishlar sodir etilishining oldini olishda muhim ahamiyatga ega.

Qarzdor ijro hujjati talabini ixtiyoriy ravishda ijro etish uchun belgilangan muddatda uzrsiz sabablarga ko‘ra ijro etmasa, javobgarlikni keltirib chiqaradi. Sud ijrochisining o‘z vakolatlari doirasidagi ijroni amalga oshirish bilan bog‘lik talablari O‘zbekiston Respublikasi hududida barcha organlar, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir.Sud ijrochisining qonuniy talablarini bajarmaslik, uning zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarishiga monelik qiluvchi xatti-harakatlar sodir etish qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Ijro hujjati uni ixtiyoriy ravishda ijro etish uchun belgilangan muddatda uzrsiz sabablarga ko‘ra ijro etilmagan taqdirda yoki qarzdor zimmasiga muayyan harakatlarni amalga oshirish yoxud bunday harakatlarni amalga oshirishdan o‘zini tiyish majburiyatini yuklovchi ijro hujjati uzrsiz sabablarga ko‘ra sud ijrochisi belgilagan muddatda ijro etilmagan taqdirda, sud ijrochisi jismoniy shaxslarga eng kam ish haqining o‘n baravarigacha miqdorda, mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima soladi.

Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari buyicha sudlov hay’ati

sudya katta yordamchisi J.Ubaydullayev

Related Articles

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Back to top button