Sud hujjatlarining turlari. Sud hujjatlari mazmuniga qoʻyiladigan talablar
Sud hujjatlari huquq qoʻllash hujjatlarining muhim bir turi hisoblanadi. Shu bois, unga nisbatan ham huquq qoʻllash hujjatlariga qoʻyilgan talablarning barchasi qaratiladi. Ammo, aynan sud hujjatlariga qoʻyiladigan yana boshqa talablar ham mavjud. Bular mazkur toifa hujjatlarining mazmun va mohiyatidan kelib chiqadi. Sud hujjati doimo muayyan yuridik oqibat vujudga keltiradigan yuridik hujjatdir. Sud qarorida albatta nizoli ish qonunda va protsessual qonunchilikda belgilab qoʻyilgan asos va tartibda koʻrib chiqilib, tegishli qaror oʻz ifodasini topishi kerak.
Sud hujjatlari — bu tegishli sudlarda qonun talablari asosida jinoiy, fuqarolik, xoʻjalik, ma’muriy ishlarni mohiyatan koʻrish natijasida qabul qilinadigan huquq qoʻllash hujjatidir.
Sud hujjatining quyidagi turlari bor:
ajrim, xususiy ajrim, qaror, boʻyruq, hukm, hal qiluv qarori.
Ajrim.
Birinchi instansiya sudining ishni mazmunan hal qilmaydigan qaroriga ajrim deb aytiladi. Sud muhokamasi vaqtida hal qilinadigan barcha masalalar yuzasidan sud ajrim chiqaradi.
Jinoyat ishini qoʻshimcha tergov oʻtkazish uchun prokurorga yuborish toʻgʻrisidagi, ishni tugatish yoki toʻxtatish haqidagi, ehtiyot choralarini qoʻllash (oʻzgartirish, bekorqilish) toʻgʻrisidagi, ayblanuvchini, sudlanuvchini lavozimidan chetlashtirish haqidagi, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish toʻgʻrisidagi, ayblanuvchining, sudlanuvchining tibbiy muassasada boʻlishi muddatini uzaytirish haqidagi, rad qilishlar toʻgʻrisidagi ajrimlarni, shuningdek xususiy ajrimlarni sud alohida xonada (maslahatxonada) chiqaradi. Bu ajrimlar alohida hujjatlar tarzida rasmiylashtiriladi va sud tomonidan imzolanadi.
Hal qiluv qarori singari ajrim ham toʻrt qismdan iborat boʻladi.
FPKning 238-moddasida koʻrsatilganidek, maslahatxonada (alohidaxonada) chiqariladigan sud ajrimida quyidagilar koʻrsatiladi:
1) ajrimning chiqarilgan vaqti va joyi;
2) sudning nomi va hay’ati, sud majlisining kotibi;
3) sudda ishtirok etuvchi shaxslar, vakillar;
4) nizoning predmeti va ajrim bilan hal qilinadigan masalaning mazmuni;
5) sud oʻz xulosasi uchun olgan asoslar va sud qoʻllagan qonunlar;
6) sudning hal qilayotgan masala yuzasidan xulosasi;
7) ajrim ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) tartibi va muddati.
Qonun boʻyicha shikoyat qilib boʻlmaydi deb hisoblanadigan xususiy ajrimlar yoki xususiy shikoyat va protest berishga yoʻl qoʻyilmaydigan ajrimlargina qonuniy kuchga kiradi. Bu ajrimlardan avvalgilari ajrim chiqarilishi bilanoq qonuniy kuchga kiradi, ikkinchilari esa, shikoyat qilish uchun berilgan muddat oʻtgandan keyin yoki shikoyat yo protest yuqori sud tomonidan rad qilinganidan keyin qonuniy kuchga kiradi.
Boshqa ajrimlar esa ish yuzasidan chiqarilgan hal qiluv qarori bilan birga qonuniy kuchga kiradi.
Sudning xususiy ajrimlari toʻgʻrisidagi qoidalar FPKning 19-moddasida berilgan. Bu qonunga asosan sud fuqarolik ishini koʻrayotganida ayrim mansabdor shaxslar yoki fuqarolar qonunchilikni, jamiyat turmush qoidalarini buzganligi yoxud korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va boshqa kooperativ hamda jamoat tashkilotlarining ishlarida jiddiy kamchiliklar borligini aniqlasa, xususiy ajrim chiqarib, uni tegishli korxonalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslarga yoki mehnat jamoalariga yuboradi, ular esa oʻzlari tomonidan koʻrilgan choralar toʻgʻrisida sudga bir oy mobaynida ma’lum qilishga majburdirlar.
Qaror.
Jinoyat ishini sudda koʻrish uchun tayinlash toʻgʻrisidagi qarorda:
1) qachon va qayerda chiqarilgani;
2) sudyaning lavozimi va familiyasi;
3) sudlanuvchining familiyasi, ismi, otasining ismi, Jinoyat kodeksining unga nisbatan e’lon qilingan aybga doir moddasi;
4) ishning sud majlisida koʻrilishi uchun yetarli asoslar borligi toʻgʻrisidagi xulosa;
5) sudlanuvchilarga nisbatan qoʻllanilgan ehtiyot chorasi toʻgʻrisidagi qaror;
6) sud muhokamasida davlat ayblovchisining, shuningdek himoyachining ishtiroki;
7) sud muhokamasi oʻtkaziladigan joy va vaqt koʻrsatilishi lozim.
Hal qiluv qarori.
Fuqarolik ishlarini koʻrish va hal qilishda sudning mulohaza va xulosalari muayyan protsessual tartibda chiqariladigan sud qarorlarida oʻz ifodasini topadi.
Fuqarolik ishlari boʻyicha hal etiladigan masalalarga koʻra sud qarorlari ikki turga: hal qiluv qarorlari va ajrimlarga boʻlinadi.
Birinchi instansiya sudining ishini mazmunan hal qiladigan qarori hal qiluv qarori deb aytiladi (FPKning 203-moddasi). Bun-day hal qiluv qarori sud tomonidan koʻrilayotgan asosiy masalalarga javob tariqasida-taraflarning talablari boʻyicha, organlar va mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan berilgan shikoyat-lar, alohida tartibda koʻriladigan ishlar, chunonchi, yuridik aha-miyatga ega boʻlgan holatlarni belgilash boʻyicha qabul qilinadi.
Har bir hal qiluv qarori aniq boʻlsin uchun toʻrt qismdan: kirish, bayon qilish, asoslantirish va xulosadan iborat boʻladi.
Hal qiluv qarorining kirish qismida hal qiluv qarori chiqarilgan vaqt va joy, hal qiluv qarori chiqargan sudning nomi, sud hay’ati, sud majlisining kotibi, protsessda qatnashgan prokuror, taraflar, ishda ishtirok etuvchi shaxslar koʻrsatiladi.
Hal qiluv qarorining bayon qilish qismida da’vogarning talabi, javobgarning e’tirozlari va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning bayonotlari koʻrsatilishi kerak.
Hal qiluv qarorining yuqorida koʻrsatilgan bayon qilish qismi mumkin qadar qisqa yozilib, nizo nimadan iborat ekanligi toʻla bayon qilinmogʻi lozim. Bu qismda da’vogarning talablari va ularning asoslari shuningdek, da’vogarning talabiga qarshi javobgarning e’tirozlari va bu e’tirozlarga asos boʻlgan materiallari bayon qilinishi lozim. Agar uchinchi shaxs mustaqil talab kiritgan boʻlsa, bu qismda uchinchi shaxslarning ham ishtirok etganliklarini va ularning talablarini koʻrsatish lozim. Agar ish yuzasidan bir marta hal qiluv qarori chiqarilib, apellyatsiya kassatsiya yoki nazorat tarti-bida ish bekor qilingan boʻlsa, muqaddam qarorlar chiqarilganligi va yuqori sud oʻzining hal qiluv qarori va ajrimida qanday koʻrsatmalar bergani zikr qilinishi kerak.
Hal qiluv qarorining asoslantirish qismida ishning sud tomonidan aniqlangan holatlari va keltirilgan dalillar toʻgʻrisi-dagi xulosalar, da’voni qanoatlantirish yoki rad qilish uchun boʻlgan asoslar, sud qoʻllagan qonunlar koʻrsatilmogʻi lozim.
Hal qiluv qarorining asoslantirish qismida taraflar top-shirgan hujjatlarni, sud majlisida aniqlangan faktlarni tahlil qilib, taraflar oʻrtasidagi munosabatlar toʻgʻrisida chiqarilgan xulosa va bu munosabatlarga berilgan yuridik bahoni koʻrsatish lozim. Boshqacha qilib aytganda, sud hal qiluv qarorining shu qismida dalillarga baho beradi, qanday faktlar aniqlangani, javobgarning qanday e’tirozlarini toʻgʻri deb topganligi va qanday qonunlarga binoan asosli hisoblaganligi koʻrsatib oʻtiladi.
Hal qiluv qarorining xulosa (qaror) qismida esa sudning da’voni qanoatlantirish yoxud da’voni toʻla yoki qisman rad etish toʻgʻrisidagi xulosasi, sud xarajatlarining taqsimoti hal qiluv qarori ustidan shikoyat berish muddati va tartibi koʻrsatilishi lozim (FPKning 206-moddasi). Hal qiluv qarorining qaror qismida sud qanday qarorga kelgan boʻlsa, shu qaror yoziladi.Qarorning bu qismida, agar da’vo qondirilgan boʻlsa, javobgar nimani bajarishi kerakligi qat’iy, aniq va ravshan koʻrsatadigan buyruq shaklida yozilmogʻi lozim. Agar da’vo qisman qondirilsa, sud qanday talablar qondirilganligi va qanday talablar rad qilinganligini aniq koʻrsatishi kerak. Agar sud da’voning hammasini rad qilishi zarur deb topsa, qaror qismida «da’vo rad qilinsin» debgina yozib qol-dirmasdan, balki qaysi da’vogarning da’vosi rad qilinganligini ham aniq koʻrsatishi lozim. Hal qiluv qarorining yuqoridagi talablarga amal qilmasligi, bu qarorning bajarilishini qiyinlashtiradi.
Sud hal qiluv qarorining qaror qismida qarorni ijro qilish tartibini, ya’ni hal qiluv qarorini ijro qilish usuli va muddatini ham koʻrsatadi.
Hal qiluv qarorining qaror qismi oxirida sud taraflarning hal qiluv qarori ustidan shikoyat qilishga haqli ekanliklarini va shikoyat qilish tartibi (qaysi muddatda, qayerga topshirish va shu singarilar)ni koʻrsatib oʻtishi lozim.
Sud majlisining bayonnomasida quyidagilar koʻrsatiladi: sud majlisi boshlangan va tamom boʻlgan vaqt koʻrsatilgan holda majlis boʻlgan joy va sana; sudning nomi va tarkibi; sud majlisining kotibi, tarjimon, ayblovchi, himoyachi, sudlanuvchi, jabrlanuvchi va uning vakili, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari, shuningdek sud chaqirgan boshqa shaxslar; koʻrilayotgan ish; sudlanuvchining shaxsiga doir ma’lumotlar; hozir boʻlgan va hozir boʻlmagan guvohlar hamda ularning kelmaganlik sabablari. Bayonnomada: raislik qiluvchining barcha farmoyishlari koʻrsatiladi va sudning harakatlari qanday tartibda oʻtgan boʻlsa, shu tartibda yoziladi; ishda ishtirok etuvchi shaxslarning ariza va iltimoslari; sudlanuvchi, jabrlanuvchi va guvohlar koʻrsatuvlarining batafsil mazmuni; berilgan savollarga ekspertning javoblari; sud muzokaralarining tartibi, sud muzokaralarida ishtirok etgan shaxslarning xulosalari hamda sudlanuvchi oxirgi soʻzining mazmuni; basharti protsess ishtirokchilari iltimos qilsalar, ishni koʻrish paytida yuz bergan holatlar toʻgʻrisidagi mulohazalar aks ettiriladi.
Sud zarur deb topgan hollarda guvohlar va jabrlanuvchilar oʻzlari bergan koʻrsatuvlarini sud majlisining bayonnomasida imzolaydilar.
Bayonnoma raislik qiluvchi va sud majlisining kotibi tomonidan imzolanadi.
Bayonnomaning mazmuni boʻyicha raislik qiluvchi bilan sud majlisining kotibi oʻrtasida kelishmovchilik boʻlgan taqdirda kotib oʻz mulohazalarini bayonnomaga ilova qilishi shart, bu mulohazalar sud tarkibi tomonidan koʻriladi. Mazkur masala yuzasidan ajrim chiqarilib, bayonnomaga ilova qilinadi.
Bayonnoma toʻliq boʻlishini ta’minlash uchun stenogramma yuritilishi mumkin. Stenografik yozuv ishga ilova qilinmaydi. Sud muhokamasi chogʻidagi soʻroq qilishlar ovoz yozish, videoyozuv yoki kinotasvirga olish vositalarida aks ettirilishi mumkin. Bunday holda fonogramma, videokasseta va kinotasma sud majlisining bayonnomasiga ilova qilinib, bayonnomada ushbu vositalar qoʻllangani qayd etiladi.
Sud majlisining bayonnomasi hukm chiqarilgan kunning ertasidan, murakkab ishlar boʻyicha esa uch sutkadan kechiktirmay imzolanishi lozim.
Hukm.
Sudda ish qaysi tilda koʻrilgan boʻlsa, hukm shu tilda, aniq va tushunarli iboralarda bayon qilinadi va kirish, tavsif hamda qaror qismlaridan iborat boʻladi.
Hukm uni chiqarishda qatnashgan sudyalardan biri yoki hukmni yakka oʻzi chiqargan sudya tomonidan qoʻlda yoki texnik vositalardan foydalangan holda yozilishi lozim. Hukmga kiritilgan tuzatishlar hukm e’lon qilinishidan oldin izohlanishi va sudyaning (sudyalarning) imzosi bilan tasdiqlanishi lozim.
Hukmning kirish qismida:
1) hukm qachon va qayerda chiqarilganligi;
2) hukmni chiqargan sudning nomi, sudning tarkibi, sud majlisining kotibi, taraflar, tarjimon;
3) sudlanuvchining ismi, otasining ismi va familiyasi, tugʻilgan yili, oyi, kuni va joyi, yashash joyi, ishlash joyi, mashgʻuloti, ma’lumoti, oilaviy ahvoli va sudlanuvchi xususidagi ish uchun ahamiyatli boshqa ma’lumotlar;
4) sudlanuvchiga qoʻyilgan ayblov Jinoyat kodeksining qaysi moddasida nazarda tutilganligi koʻrsatiladi.
Ayblov hukmining tavsif qismida sud isbot etilgan deb e’tirof etgan jinoiy qilmishning tavsifi, sodir etilgan joyi, vaqti, usuli, aybning shakli, jinoyatning sabablari, maqsadlari va oqibatlari koʻrsatilishi lozim. Hukmda sudning har bir sudlanuvchiga nisbatan xulosalariga asos boʻlgan dalillar va sudning boshqa dalillarni rad etish sabablari yoziladi. Javobgarlikni yengillashtiruvchi yoki ogʻirlashtiruvchi holatlar, aybning bir qismi asossiz deb topilgan taqdirda yoki jinoyatning tavsifi notoʻgʻriligi aniqlanganda esa ayblovni oʻzgartirish asoslari va sabablari koʻrsatiladi.
Sud, shuningdek Jinoyat kodeksi moddasining jazo qismida ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa jazo choralari ham nazarda tutilgan boʻlsa, ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazo nimaga asoslanib tayinlaganini; ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilinganga koloniyada saqlash tartibining muayyan turini belgilashni yoki ozodlikdan mahrum etish jazosini turmada oʻtashni tayinlashni; sudlanuvchi oʻta xavfli retsidivist deb topilganligini; shartli hukm qoʻllanilganini; Jinoyat kodeksining moddasida xuddi shunday jinoyat uchun nazarda tutilgan eng kam jazodan ham kamroq jazo tayinlanganligini; boshqa yengilroq jazoga oʻtilganligini; umumiy qoidalardan chekinib koloniya turi tayinlanganligini; boshqa ta’sir choralarini qoʻllab yoki qoʻllamasdan sudlanuvchi jazodan ozod etilganligini asoslab berishi shart.
Sud qonun hujjatlariga muvofiq sudlanuvchiga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasi qoʻllash yoki uning ustidan homiylik tayinlash lozim deb topsa, bunday qarorga kelish sabablarini koʻrsatishi shart.
Jamoat birlashmasining yoki jamoaning sudlanuvchini shartli hukm qilib, u bilan tarbiyaviy ish olib borish uchun oʻzlariga berishni soʻragan iltimosnomalari boʻlsa, sud bu iltimosnomalarni qanoatlantirish yoki rad etish sabablarini hukmda koʻrsatadi.
Sud, shuningdek qoʻzgʻatilgan fuqaroviy da’vo toʻgʻrisida yoki jinoyat oqibatida keltirilgan mulkiy zararni undirish toʻgʻrisida oʻz tashabbusi bilan chiqargan qarorning asoslarini ham koʻrsatishi lozim.
Ayblov hukmining qaror qismida:
1) sudlanuvchining familiyasi, ismi va otasining ismi;
2) sudlanuvchining jinoyat sodir etganlikda aybli deb topilganligi toʻgʻrisidagi qaror;
3) Jinoyat kodeksining sudlanuvchining aybli deb e’tirof etilishiga asos boʻlgan moddasi (moddaning qismi, bandi), shuningdek sudlanuvchining oʻta xavfli retsidivist deb topilganligi, basharti sud shunday qaror qabul qilgan boʻlsa;
4) sudlanuvchi aybli deb topilgan har bir jinoyati uchun tayinlangan jazo turi va me’yori; Jinoyat kodeksining moddalariga muvofiq uzil-kesil tayinlangan va oʻtalishi lozim boʻlgan jazo chorasi; ozodlikdan mahrum etilgan shaxsning jazo muddatini oʻtashi lozim boʻlgan tegishli tartibli koloniya turi;
5) sudlanuvchi shartli ravishda hukm qilingan boʻlsa, sinov muddati va mahkumning ustidan kuzatuv olib borish vazifasi yuklatilgan jamoa yoki shaxs;
6) ushlab turilgan yoki qamoqda saqlangan vaqtni jazo tayinlashda jazo muddati hisobiga kiritish toʻgʻrisidagi qaror;
7) hukm qonuniy kuchga kirguniga qadar sudlanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasiga doir qaror;
8) mahkumning zimmasiga yuklatilgan majburiyatlar;
9) Jinoyai Kodeksining 533-moddasida nazarda tutilgan asoslar aniqlangan hollarda hukmning ijrosini kechiktirish toʻgʻrisidagi qaror koʻrsatiladi.
Basharti sudlanuvchiga Jinoyat kodeksining bir necha moddasi bilan ayblov qoʻyilgan boʻlsa, hukmning qaror qismida sudlanuvchi qaysi moddalar boʻyicha oqlanganligi va qaysi moddalar boʻyicha hukm qilinganligi koʻrsatilishi lozim.
Sudlanuvchi jazoni oʻtashdan ozod qilingan boʻlsa, bu haqda hukmning qaror qismida koʻrsatiladi.
Barcha hollarda tayinlangan jazo shunday ifodalanishi lozimki, toki hukmni ijro etishda sud tayinlagan jazo turi va me’yori xususida hech qanday shubha tugʻilmasin.
Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari buyicha sudlov hay’ati sudya katta yordamchisi J.Ubaydullayev