Nikoh shartnomasining o`zgartirilishi va bekor qilinishi, uni haqiqiy emas deb topish

Oila kodeksining 32-moddasiga muvofiq, nikoh shartnomasi er-xotinning kelishuviga ko`ra istalgan vaqtda o`zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Bunda nikoh shartnomasini o`zgartirish va bekor qilish to`g`risidagi kelishuv nikoh shartnomasi qanday shaklda tuzilgan bo`lsa shu shaklda amalga oshirilishi kerak, ya’ni majburiy ravishda notarial guvohlantiriladigan yozma shaklda tuzilishi lozim. Agar kelishuvdan yoki shartnomani o`zgartirish xususiyatidan boshqacha tartib anglashilmasa, nikoh shartnomasini o`zgartirish yoki bekor qilishga kelishgan paytdan boshlab, er-xotinning majburiyatlari o`zgartirilgan yoki bekor qilingan hisoblanadi (Fuqarolik kodeksining 385-moddasi 3-qismi).
Oila kodeksining 32-moddasi 2-qismiga ko`ra, nikoh shartnomasi er-xotindan birining talabi bilan o`zgartirish asosi va tartibi shartnomani o`zgartirish va bekor qilish to`g`risidagi fuqarolik qonunchiligining tegishli normalari, ya’ni O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 382-385-moddalari bilan belgilanadi. Sudning qaroriga ko`ra nikoh shartnomasini o`zgartirish yoki bekor qilishning majburiy sharti bo`lib, nikoh shartnomasi tomonlari, ya’ni er va xotin o`rtasida bevosita sudgacha nizoni hal etish taomiliga rioya etilganligi hisoblanadi. Nikoh shartnomasini o`zgartirish yoki bekor qilish to`g`risidagi talab er yoki
xotindan biri tomonidan faqat ikkinchi tomon nikoh shartnomasini o`zgartirish yoki bekor qilishni rad etganda yoxud taklifda yoki nikoh shartnomasida belgilangan, agar belgilanmagan bo`lsa, o`ttiz kunlik muddatda (Fuqarolik kodeksining 384-moddasi 2-qismi) javob qaytarmaganda sudga berilishi mumkin.
Amaliyotda sudlar tomonidan fuqarolik kodeksida belgilangan, nikoh shartnomasini bekor qilish yoki o`zgartirish to`g`risidagi qaror qabul qilish uchun asoslarni belgilash qiyinchiliklar tug`dirayotgan holatlar ko`plab uchraydi. Shunday asoslardan biri er yoki xotindan birining nikoh shartnomasini jiddiy buzishi hisoblanadi (Fuqarolik kodeksining 382-moddasi 1-qismi 2-bandi). Bunda shunday buzilish tushunilishi lozimki, uning natijasida er yoki xotin nikoh shartnomasi tuzish paytida olishni ko`zda tutgan manfaatdan sezilarli darajada mahrum bo`lishi lozim.
Masalan, nikoh shartnomasini jiddiy buzish deganda er-xotindan birining ikkinchisini normal yashash sharoitlarini ta’minlamaganligi (turar-joyni bermaganligi, pul ta’minotini to`lamaganligi va shu kabilar) bilan bog`liq shartnoma shartlarining bajarmasligini tushunish mumkin.
Nikoh tugatilgan paytdan boshlab nikoh shartnomasining amal qilishi ham tugaydi, nikoh shartnomasida nikoh tugatilganidan keyingi davr uchun nazarda tutilgan majburiyatlar bundan mustasno. Ya’ni, nikoh tugatilgandan so`ng er yoki xotindan birining ikkinchisiga to`lashi lozim bo`lgan moddiy ta’minoti masalasiga oid nikoh shartnomasining shartlari amal qilishda davom etaveradi.
Nikoh shartnomasi sud tomonidan O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida nazarda tutilgan asoslar bo`yicha to`la yoki qisman haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Fuqarolik kodeksining IX bobi 2-§i da belgilangan bitimning haqiqiy emaslik asoslaridan kelib chiqib, nikoh shartnomasining qonun talab qiladigan shakliga rioya etmaslik, voyaga yetmagan shaxs bilan, yanglishish, aldash, zo`rlik, qo`rqitish, bir taraf vakilining ikkinchi taraf bilan yomon niyatda kelishishi yoki og`ir holatlar yuz berishi ta’sirida tuzilgan nikoh shartnomasi sud tomonidan haqiqiy emas deb hisoblanadi yoki o`z-o`zidan haqiqiy emasdir.
Shu bilan birga nikoh shartnomasi Oila kodeksining 31-moddasi 5-qismida belgilangan, nikoh shartnomasiga kiritilishi mumkin bo`lmagan shartlar kiritilganda to`liq yoki qisman haqiqiy emas, deb topilishi mumkin.
Oila kodeksining 35-moddasiga muvofiq, er (xotin) nikoh shartnomasi tuzayotgani, uni o`zgartirayotgani yoki bekor qilayotgani to`g`risida o`z kreditorini (kreditorlarini) xabardor qilishi shart. Ushbu majburiyatni bajarmagan taqdirda er yoki xotin, nikoh shartnomasi mazmunidan qat’i nazar, o`z majburiyatlari bo`yicha javobgar bo`ladi.
Qarzdor er (xotin)ning kreditori (kreditorlari) sharoit jiddiy o`zgargani tufayli nikoh shartnomasining shartlarini qonunda belgilangan tartibda o`zgartirish yoki bekor qilishni talab qilishga haqli.
Er-xotin qonunda yo`l qo`yiladigan barcha mulkiy-shartnomaviy munosabatlarga o`zaro kirishishga haqlidir. Masalan, er xotiniga muayyan bir mol-mulkni hadya qilishi va uning nomiga rasmiylashtirib berish, avtomashinani boshqarishga doir ishonchnoma berishi mumkin.
Er-xotin o`rtasida tuzilgan, ulardan birining huquqlarini cheklashga qaratilgan kelishuvlar haqiqiy hisoblanmaydi.
Surxondaryo viloyat sudi
sud statistikasini tizimli tahlil qilish bo`limi bosh konsultanti
J.X.Primov



