Farzandlikka olish tushunchasi
Farzandlikka olish tarixan uzoq vaqtlardan ma’lum bo`lib, ko`p asrlik tarixiy rivojlanish bosqichini bosib o`tgan. Ijtimoiy vazifalari katta bo`lgan mazkur huquqiy institut qadimgi Gretsiyada, qadimgi Bobil va Rimda shuningdek, Movarounnahrda ham mavjud bo`lgan. Har bir tarixiy davrda o`ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turgan.
Farzandlikka olishning ikkita usuli qo`llanilgan. Birinchi usul arrogatio, ya’ni status familiae ega bo`lgan shaxs farzandlikka olingan va ikkinchisi, adoptio bo`lib bunda farzandlikka olinuvchi begona huquqqa tegishli bo`lgan. Farzandlikka olishning birinchi shakli arrogatio — bu xalq yig`inida farzandlikka oluvchi va farzandlikka olinuvchi ishtirokida ommaviy ravishda amalga oshirilgan. O`z fuqarosini farzandlikka olishni xohlovchi rimliklar bu haqida xalq yig`inida ma’lum qilgan va uning sanksiyasi ushbu maqsad uchun yetarli sanalgan.
Ikkinchi usul-adoptio esa, 12 jadval qonunlari asosida uch marotaba emansipatsiya qilish orqali amalga oshirilgan va bu oila boshlig`i almashganligini anglatgan. Bunday usulda farzandlikka olish avvalgi oila bilan qon-qarindoshlikning uzilishiga va farzandlikka oluvchi bilan qon-qarindoshlik aloqalarining vujudga kelishiga olib kelgan.
Musulmon huquqida farzandlikka qabul qilishning asosiy sababi voqe’lik nuqtayi nazaridan asoslanadi. Bunda, birinchidan, nasl-nasabi begona bolani oilaga qabul qilib mahram bo`lmagan ayollarning mahramligi belgilanmagan; ikkinchidan, farzandlikka olish siri mavjud bo`lmagan; uchinchidan, ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolani asrab olish, uni tarbiyalash va voyaga yetkazish juda mas’uliyatli vazifa bo`lib, uddasidan chiqa olmaslik holatlari ham inobatga olingan.
Farzandlikka olish huquqiy instituti insoniyat tarixiy rivojlanishi bilan birga rivojlanib borgan. Farzandlikka olish oila muhitini yaratishga intilish sifatida ayrim oilalarga muayyan imkoniyat, rag`bat, meros olish va boshqa imkoniyatlarga ega bo`lish huquqini bergan.
Farzandlikka olishdan asosiy maqsad u yoki bu sababga ko`ra o`z ota-onasi bag`rida o`sish imkoniyatiga ega bo`lmagan voyaga yetmagan bolalarni oila muhitida tarbiyalash imkonini bersa, boshqa tomondan farzandlikka oluvchilarga ota-onalik huquq va majburiyatlariga ega bo`lish imkonini beradi.
Odatda, har qanday bola oilada dunyoga keladi, tarbiyalanadi va voyaga yetadi. Biroq hayotda shunday holatlar ham uchrab turadiki, natijada bolalar o`z ota-onalarining qaramog`idan mahrum bo`lib qolishadi. Ushbu holatlarni shartli ravishda obyektiv va subyektiv sabablarga ajratish mumkin. Masalan, obyektiv sabablarga: ota-onaning o`limi, ularning og`ir kasallikka chalinishi, turli xil baxtsiz hodisalar, muomala layoqatini yo`qotishi, favqulodda vaziyatlarda (tabiiy ofatlarda, harbiy harakatlar jarayonida) bolani yo`qotib qo`yishi va h.k. larni ko`rsatib o`tish mumkin.
Bolalarning o`z ota-onalari qaramog`idan mahrum bo`lishining subyektiv sabablari, odatda, ota-onalarning o`z bolalariga nisbatan g`ayri-huquqiy xulq-atvorda bo`lishi bilan bog`liq.
Masalan, bolalar bilan shafqatsiz munosabatda bo`lish (jismoniy kuch ishlatish, do`pposlash, qiynash va h.k.); ota-onalarning tug`ruqxonalardan, tarbiya va boshqa muassasalardan bolalarni olishdan voz kechishi; bolalarni jamoat joylarida yoki begona shaxslarga qoldirishi; bolalarni uyda zarur oziq-ovqatsiz, dori-darmonsiz qoldirishi; farzandiga kiyim-kechak, maktab anjomlari olib berishni xohlamasliklari va h.k.larda ifodalanishi mumkin.
O`zbekiston Respublikasi Oliy sudining 1998-yil 11-sentabrdagi “Bolalar tarbiyasi bilan bog`liq bo`lgan nizolarni hal qilishda sudlar tomonidan qonunlarni qo`llash amaliyoti to`g`risida”gi 23-sonli Plenum qarori1da ko`rsatilishicha, bolalar boshqa shaxslar tomonidan farzandlikka olingan va farzandlikka olish bekor qilinmagan yoki haqiqiy emas deb topilmagan bo`lsa, ota-onalik huquqini tiklashga yo`l qo`yilmaydi.
Farzandlikka olishda bo`lajak ota-ona uchun oilaviy-huquqiy munosabat avvaldan mavjud bo`ladi. Ya’ni, ularning o`zaro nikohda bo`lishi oilaviy munosabat vujudga kelganligidan dalolat beradi. Farzandlikka olish natijasida bola uchun yangidan oilaviy-huquqiy munosabat vujudga keladi, xuddi oilada yangidan farzand dunyoga kelgani kabi farzandlikka oluvchi ota-onaga qonun tomonidan bir qator huquq va majburiyatlar beriladi.
Surxondaryo viloyat sudi
sudya katta yordamchisi J.X.Primov