Бу қизиқ

Xorijiy mamlakatlar advokatura institutlari qiyosiy-huquqiy tahlilining ahamiyati

Xorijiy mamlakatlar advokatura institutlari qiyosiy-huquqiy tahlili turli mamlakatlardagi mazkur institutning o’ziga xos va bir-biridan farqlovchi xususiyatlarini aniqlashga yordam beradi.

Yuridik fanda qiyosiy-huquqiy tahlil turli huquqiy tizimlar, shu jumladan advokaturani oʻrganishning muhim usullaridan biridir. Tahlilning bu turini qoʻllash turli huquqiy tizimlardagi advokaturaning umumiy, alohida va mushtarak xususiyatlarini aniqlash imkonini beradi.

Turli mamlakatlardagi advokatura institutini oʻrganishda qiyosiy-huquqiy tahlilni qoʻllash tizimli va aniq maqsadni qoʻzlab amalga oshirilgandagina oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshira oladi.

Advokatura institutini o’rganishda qiyosiy-huquqiy tahlilning turli shakllari qoʻllaniladi. Advokatura tarixini o’rganishda tarixiy qiyosiy-huquqiy tahlil qoʻllanilib, advokaturaning rivojlanishi qonuniyatining tarixiy jihatlari oʻrganiladi. Koʻpchilik holatlarda esa qiyoslash predmeti turli davlatlardagi amaldagi advokatura instituti bo’ladi. Bu tahlil advokatura institutining hozirgi zamonda rivojlanish tendensiyalarini oʻrganishga xizmat qiladi.

Advokaturani qiyosiy-huquqiy tahlil etishning ob’yektlari xilma-xil boʻlishi mumkin. Qiyosiy tadqiqotning ob’yektiga qarab, u turli darajada oʻtkazilishi mumkin.

Birinchi, nisbatan eng past darajadagi tadqiqot – bu advokatura toʻgʻrisidagi huquqiy normalarni qiyoslash (mikroqiyoslash)dir. Bunda qiyoslashning obyekti boʻlib, turli davlatlarning advokatura toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari hisoblanadi. Bu darajadagi qiyoslashda koʻpchilik hollarda tegishli qonun hujjatlarining yuridik-tahlil jihatlari qiyoslanadi.

Ikkinchi, oʻrta darajadagi tadqiqotda advokatura huquqiy institutlari qiyoslanadi. Bunda advokatura institutlari, butun huquqiy tizim bilan bogʻliq holda advokatlik faoliyati kafolatlari va advokatlarni ijtimoiy himoya qilish masalalari tadqiqot (qiyoslash) obyekti boʻlib, xizmat qiladi.

Uchinchi, yuqori darajadagi tadqiqotga advokatura institutlari har tomonlama qiyoslanadi (makroqiyoslash). Bunda turli huquqiy tizimlardagi hozirgi zamon advokatura institutlari ularning shakllanishi va faoliyat koʻrsatishi jarayoni, faoliyatining asosiy prinsiplari va huquqiy tartibga solish manbalari, ijtimoiy himoya va advokatlik kasbining obroʻyi, advokatlik amaliyoti nuqtai nazaridan tahlil qilinadi. Tadqiqotning bu turli advokatura institutlari haqida nisbatan toʻla va ilmiy asoslangan xulosalar chiqarish hamda uni yanada rivojlantirishga yoʻnaltirilgan takliflar ishlab chiqish imkonini beradi.

Qisqacha kilib aytganda, turli huquqiy tizimlar va mamlakatlardagi advokatura institutlarini qiyosiy-huquqiy tahlil yordamida oʻrganish birinchidan, hozirgi zamonda advokaturaning roli, funksiyasi va rivojlanish qonuniyatlarini tushunib yetishga, ikkinchidan, advokatlik faoliyatining huquqiy asoslarini, advokatlik faoliyati amaliyotini takomillashtirishga, uchinchidan, advokatura instituti bilan bogʻliq nazariy bilimlarni oʻrganish, advokatlarning umumiy va kasbiy madaniyatini oshirishga ko’maklashadi.

Surxondaryo viloyat sudi sudya katta yordamchisi

F.Mirzaqulov

Related Articles

Back to top button