Hozirgi kunda maktab bilimi bilan o‘qishga kirish mumkinmi?

Zamonaviy ta’lim tizimida abituriyentlarning oliy o‘quv yurtlariga kirishi ko‘plab omillarga bog‘liq. Shu sababli ko‘pchilik yoshlar va ularning ota-onalarida tabiiy ravishda savol tug‘iladi: “Faqat maktabda o‘rganilgan bilimlar bilan oliygohga kirish mumkinmi?”
Bu savolga to‘liq va asosli javob berish uchun maktab ta’limining sifati, kirish imtihonlarining mazmuni hamda qo‘shimcha tayyorgarlikning ahamiyatini chuqur tahlil qilish zarur.
Maktab ta’limining imkoniyatlari
Maktabda beriladigan bilimlar, avvalo, o‘quvchilarning asosiy dunyoqarashi va fikrlash salohiyatini shakllantirishga xizmat qiladi. Darsliklar, o‘qituvchilar bergan vazifalar, sinfiy va mustaqil ishlarga tayyorlanish jarayonida o‘quvchi mantiqiy fikrlash, tahlil qilish, savollarga asosli javob topish ko‘nikmalarini egallaydi. Agar o‘quvchi maktabdagi bilimlarni puxta o‘zlashtirgan, har bir mavzuni chuqur anglab olgan bo‘lsa, u albatta kirish imtihonlarida ma’lum darajadagi natijaga erisha oladi.
Kirish imtihonlari va raqobat darajasi
Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari orqali amalga oshiriladi. Bu testlar nafaqat faktik bilimni, balki tahliliy fikrlash, muammoni hal qilish qobiliyatini ham sinovdan o‘tkazadi. Ayrim savollar esa maktab dasturida o‘tilgan mavzular asosida bo‘lsa-da, ularni chuqur tushungan, mantiqan fikr yurita oladigan o‘quvchi uchungina yengil bo‘ladi. Ayniqsa, grant asosida o‘qishga kirish uchun talabgorlar o‘rtasidagi raqobat juda kuchli. Bu esa abituriyentdan nafaqat umumiy bilim, balki yuqori darajadagi tayyorgarlikni ham talab etadi.
Repetitor va tayyorlov kurslarining o‘rni
Afsuski, amaldagi holat shuni ko‘rsatmoqdaki, faqat maktab darslari bilan cheklangan abituriyentlar uchun grant asosida o‘qishga kirish ancha mushkul. Repetitorlik darslari yoki tayyorlov kurslari bu borada katta yordam beradi. Ular orqali o‘quvchi test topshiriqlarining tuzilishi, yechish usullari, vaqtni to‘g‘ri taqsimlash kabi muhim jihatlarni o‘rganadi. Ayniqsa, fanlarni chuqurroq o‘zlashtirish, testda yo‘l qo‘yiladigan xatolarni aniqlash va ularni bartaraf etish repetitorlik darslarining asosiy ustunligidir.
Xulosa
Yuqoridagilardan xulosa qilib aytish mumkinki, maktab ta’limi oliy o‘quv yurtiga kirish yo‘lida muhim poydevor vazifasini bajaradi. Ammo bugungi murakkab va raqobatli sharoitda muvaffaqiyatga erishish uchun bu poydevorni mustahkamlash zarur. Buning uchun o‘quvchi o‘z ustida izchil ishlashi, test yechish bo‘yicha amaliy ko‘nikmaga ega bo‘lishi, zarur hollarda esa repetitor yoki tayyorlov kurslaridan foydalanishi lozim. Asosiysi — intilish, mehnat va sabr bilan harakat qilgan har bir yosh albatta maqsadiga erishadi.
Ahmadjonova Sevinch
Oʻzbekiston Davlat Jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakulteti
Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar 2 bosqichi talabasi




