Бу қизиқ

Bolalar huquqlarini himoya qilish — adolatli jamiyat poydevori

Bola — insoniyatning eng nozik, eng beg‘ubor va eng muhim boyligidir. Uning taqdiri jamiyatning ertangi kunini belgilaydi. Shu bois har qanday huquqiy demokratik davlatda bolalar huquqlarini himoya qilish ustuvor vazifa sifatida qaraladi. Chunki bola faqatgina oila quvonchi emas, balki millat kelajagi, jamiyat taraqqiyotining asosiy tayanchidir.

O‘zbekiston Respublikasida bolalar huquqlarini ta’minlash masalasi davlat siyosatining markaziy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda har bir bolaning yashash, sog‘lom rivojlanish, ta’lim olish, mehr va e’tiborda ulg‘ayish huquqi Konstitutsiya darajasida kafolatlangan. Bu esa bolaga nafaqat huquqiy himoya, balki insoniy e’tibor va g‘amxo‘rlikni ham ta’minlaydi.

Ayniqsa, yetim bolalar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj farzandlarga alohida e’tibor qaratilayotgani jamiyatimiz insonparvarlik tamoyillariga sodiq ekanining yaqqol ifodasidir. Davlat tomonidan yaratilayotgan sharoitlar, ijtimoiy dasturlar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari bolalarning o‘z imkoniyatlarini to‘liq namoyon etishiga xizmat qilmoqda.

Bolalarni zo‘ravonlik, kamsitish va har qanday ekspluatatsiyadan himoya qilish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir. Zero, bola qalbiga yetgan zarba — jamiyat kelajagiga yetgan zarbadir. Shu sababli ham bolalar bilan bog‘liq har qanday masalada ularning manfaatlari ustuvor hisoblanadi. Bu tamoyil nafaqat milliy qonunchiligimizda, balki xalqaro huquqiy hujjatlarda ham mustahkam o‘rin egallagan.
Xususan, BMT tomonidan qabul qilingan Bolalar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya bolalar huquqlarini himoya qilishning universal mezonlarini belgilab bergan muhim hujjatdir. Ushbu Konvensiya bolalarning yashash, rivojlanish, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash, o‘z fikrini erkin bildirish va himoyalanish kabi asosiy huquqlarini kafolatlaydi. Eng muhimi, unda bolaning manfaatlari har qanday qaror va harakatda ustuvor bo‘lishi shartligi alohida ta’kidlangan.

O‘zbekiston mazkur Konvensiyaga qo‘shilgan holda uning qoidalarini milliy qonunchilikka izchil joriy etib kelmoqda. Bu esa amalda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish va jamiyatda bolaga nisbatan mas’uliyat hissini kuchaytirish orqali namoyon bo‘lmoqda. Mahalla tizimi, ta’lim muassasalari, sud organlari va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligida olib borilayotgan ishlar bu boradagi samaradorlikni yanada oshirmoqda.

Sud tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar ham bolalar huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Sudyalarning malakasini oshirish, bolalar bilan ishlashda maxsus yondashuvlarni joriy etish, insonparvarlik va adolat tamoyillarini kuchaytirish orqali sud organlari bolalar taqdiriga befarq emasligini amalda namoyon etmoqda. Chunki adolat qaror topgan joyda bola ham o‘zini himoyalangan his etadi.

Bolalar huquqlarini himoya qilish — bu faqat qonunlarga rioya qilish emas, balki insoniylikning oliy ifodasidir. Har bir ota-ona, har bir ustoz, har bir mansabdor shaxs va butun jamiyat bu mas’uliyatni chuqur his qilishi zarur. Chunki baxtli bola — tinch jamiyat belgisi, himoyalangan bola — barqaror kelajak kafolatidir.

Shunday ekan, har birimiz bolalarga mehr, e’tibor va adolat bilan munosabatda bo‘lishimiz, ularning huquqlarini hurmat qilishimiz va himoya qilishimiz shart. Zero, bola kulgisi — hayot go‘zalligi, uning baxti esa jamiyat sharafidir.

S.X.Raximov

Surxondaryo viloyat sudining

sudyasi

Related Articles

Back to top button