Бу қизиқ

«Xalqaro shartnomalar huquqi» tushunchasi

Xalqaro shartnomalar huquqi — xalqaro huquqning alohida mustaqil sohasi bo’lib, xalqaro shartnomalarni tuzish, qo’llash va bekor qilish tartiblariga oid munosabatlarni tartibga soladi.

Xalqaro shartnomalar huquqining manbalari odat normalari va ular quyidagi universal konventsiyalarda kodifikatsiyalashtirilgan hamda rivojlantirilgan:

1) 1969 yildagi Xalqaro shartnomalar huquqi to’g’risidagi Vena konventsiyasi;

2) 1986 yildagi Davlatlar va xalqaro tashkilotlar yoki xalqaro tashkilotlar o’rtasidagi shartnomalar to’g’risidagi Vena konventsiyasi.

Xalqaro shartnoma turlicha nomlanishi mumkin, lekin bu uning yuridik kuchiga ta’sir etmaydi. Uning eng keng tarqalgan nomlari quyidagilar: shartnoma, bitim, konventsiya, protokol, pakt, ustav, deklaratsiya. Xalqaro huquq nazariyasida xalqaro shartnomalar huquqi deganda, xalqaro huquqning xalqaro shartnomalar tuzilishi, amal qilishi, o’zgartirilishi va to’xtatilishi tartibini, amaldagi shartnomalar sharoitini belgilaydigan normalaridan iborat tegishli sohasi tushuniladi. Bu soha ob’ekti sifatida esa, xalqaro huquqning yetakchi va asosiy manbaiga aylanib ulgurgan xalqaro shartnomaning o’zi namoyon bo’ladi. Xalqaro shartnomalar huquqi shartnomaning nomlanishi, ob’ektning turi va ularni tuzish protsedurasidan qat’i nazar, barcha turdagi xalqaro shartnomalarga taalluqli hisoblanadi. Xalqaro huquqning ushbu sohasi ahamiyatining izchil ortib borishiga hozirgi kunda dunyoda xalqaro shartnomalarning o’rni kuchaygani sabab bo’lmoqda.

Ayni chog’da uning asosiy manbai hali ham xalqaro-huquqiy odat hisoblanadi. Xalqaro shartnomalar huquqi to’g’risidagi 1969 yilgi Vena konventsiyasining 2–moddasi hamda Davlatlar va xalqaro tashkilotlar o’rtasidagi yoki xalqaro tashkilotlar o’rtasidagi shartnomalar huquqi to’g’risidagi 1986 yilgi Vena konventsiyasiga ko’ra, xalqaro shartnoma – davlatlar va xalqaro huquqning boshqa sub’ektlari tomonidan bir, ikki yoki bir necha o’zaro bog’liq hujjatlarda bo’lishidan hamda uning aniq nomlanishidan qat’i nazar, yozma shaklda tuzilgan va xalqaro huquq tomonidan tartibga solinadigan bitimdir.

Xalqaro huquq nazariyasida xalqaro shartnoma deganda, ikki yoki undan ortiq davlatlar yoxud xalqaro huquqning boshqa sub’ektlari o’rtasida ularning siyosiy, iqtisodiy yoki boshqa munosabatlari borasidagi o’zaro huquq va majburiyatlarining o’rnatilishi, o’zgartirilishi yoki to’xtatilishini ko’zda tutuvchi bitim tushuniladi.

Xalqaro shartnomalar shartnoma tomonlarining o’zaro huquq va majburiyatlarini aniq va puxta belgilab olish uchun tuziladi. Xalqaro munosabatlarning shartnomalar orqali mustahkamlanishi xalqaro huquqning tartibot barqarorligini ta’minlaydi. Xalqaro shartnoma xalqaro huquqning asosiy manbai hisoblanadi.

Xalqaro shartnoma – xilma-xil bitimlarni qamrab oluvchi tushuncha bo’lib, ular turlicha: shartnoma, bitim, pakt, traktat, konventsiya, deklaratsiya, kommyunike, prtokol va shu kabi nomlar bilan atalishi mumkin. U yoki bu nomning aniq belgilangan ma’no-mazmuni mavjud emas. Qanday nomlanishidan qat’i nazar, barcha xalqaro shartnomalar bir xil yuridik kuchga ega. Odatda ular yozma shaklda tuziladi.

Og’zaki shakldagi xalqaro shartnomalar (boshqacha aytganda-»jentelmencha bitimlar») kam uchrasa-da, har holda, xalqaro munosabatlarda shartnomalarning shunday turi ham ma’lum.

Xalqaro shartnomalar tomonlari (yoki sub’ektlari) bo’lib faqat xalqaro huquq sub’ektlari chiqishi mumkin. Xalqaro shartnomalar huquqi to’g’risidagi Vena konventsiyasida (1969 yil) hamda Davlatlar va xalqaro tashkilotlar yoki xalqaro tashkilotlar o’rtasidagi shartnomalar huquqi to’g’risidagi Vena konventsiyasida (1986 yil) «muzokaralarda ishtirok etuvchi tashkilot» (zikr etilgani kabi tashkilot) «ahdlashuvchi davlat» (ya’ni, shartnoma kuchga kirgan, kirmaganligidan qat’i nazar, o’zi uchun shu shartnomaning majburiy ekaniga rozi bo’lgan davat), «ahdashuvchi tashkilot» (zikr etilgani kabi tashkilot), «ishtirokchi» (ya’ni, o’zlari uchun shartnoma majburiy ekaniga rozi bo’lgan va ular uchun shartnoma kuchga kirgan tegishli davlat yoki xalqaro tashkilot), «uchinchi davlat» va «uchinchi tashkilot» (ya’ni, shartnoma ishtirokchisi hisoblanmaydigan davlat va xalqaro tashkilot) kabi tushunchalar qo’llaniladi.

Surxondaryo viloyat sudi sudiya katta yordamchisi

J.X.Primov

Related Articles

Back to top button