Маданият

KORRUPSIYA — JAMIYAT TARAQQIYOTIGA TO‘SIQ: UNGA QARSHI KURASHISH HAR BIRIMIZNING BURCHIMIZ

Bugungi kunda korrupsiya butun dunyoda demokratik taraqqiyot, iqtisodiy barqarorlik va ijtimoiy adolatga jiddiy tahdid solayotgan muammolardan biri hisoblanadi. Korrupsiya nafaqat davlat boshqaruvi samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, balki fuqarolarning qonunga, davlat organlariga va adolat tamoyillariga bo‘lgan ishonchini ham susaytiradi.

Shu bois mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish, unga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish, davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari

O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy huquqiy poydevori 2017-yil 3-yanvarda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘RQ-419-son Qonun hisoblanadi.

Mazkur Qonunda korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari, davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, vakolatli organlarning vazifalari hamda fuqarolik jamiyati institutlarining ushbu jarayondagi ishtiroki belgilab berilgan.

Shuningdek, 2024-yil 5-iyundagi O‘RQ-931-son “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonun ham korrupsiyaning oldini olishda muhim ahamiyatga ega.

Ushbu qonun davlat organlari va tashkilotlarida shaxsiy manfaatdorlik xizmat vazifalarini xolis bajarishga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan holatlarni aniqlash, ularni oshkor qilish va bartaraf etish tartibini belgilaydi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi yangi islohotlar

2025-yil 30-dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-270-son Farmoni korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini rivojlantirishda muhim huquqiy asoslardan biri bo‘ldi.

Ushbu hujjatda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash, davlat organlarida ichki nazorat tizimini kuchaytirish, mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirish va korrupsiyaning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan vazifalar belgilangan.

Shuningdek, 2026-yil 22-iyunda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-1155-son Qonuni korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi muhim yangiliklardan biri bo‘ldi.

Mazkur Qonun bilan korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish, korrupsiyaga oid jinoyatlarning aniq ro‘yxatini belgilash, korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish, davlat xaridlarida korrupsiyaviy omillarni kamaytirish hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartishlar kiritildi.

Xususan, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning elektron reestrini yuritish tartibi joriy etildi. Reestrga kiritilgan shaxslarga nisbatan davlat xizmatiga kirish, ayrim lavozimlarga nomzodini ko‘rsatish, davlat xaridlarida ishtirok etish va boshqa yo‘nalishlarda qonunda belgilangan cheklovlar tatbiq etiladi.

Bu esa korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan muhim mexanizm hisoblanadi.

Korrupsiya haqida xabar bergan shaxslar huquqiy himoyada

Korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik ishtiroki va fuqarolarning faolligi muhim o‘rin tutadi.

Yangi qonunchilikda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilishga alohida e’tibor qaratilgan.

Jumladan, O‘RQ-1155-son Qonun bilan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, o‘zi mehnat faoliyatini olib borayotgan davlat organida korrupsiyaga oid jinoyat haqida asosli xabar bergan shaxsga nisbatan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini oldindan xabardor etmagan holda ikki yil davomida intizomiy jazo choralarini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar beruvchi shaxslarni davlat tomonidan rag‘batlantirish kafolatlanadi. Bunday rag‘batlantirish bir martalik pul mukofoti, tashakkurnoma, esdalik sovg‘asi yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa shakllarda amalga oshirilishi mumkin.

Bu normalar korrupsiya holatlarini yashirish emas, balki ularni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishda fuqarolarning faol ishtirokini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Manfaatlar to‘qnashuvi — korrupsiyaviy xavf-xatar manbai

Korrupsiyaning oldini olishda manfaatlar to‘qnashuvini o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish alohida ahamiyatga ega.

Masalan, davlat xizmatchisining o‘z xizmat vakolatidan foydalanib, qarindoshi yoki yaqin tanishi manfaatlarini ko‘zlab qaror qabul qilishi, davlat xaridlarida o‘z shaxsiy manfaatlarini ustun qo‘yishi yoki xizmat mavqeidan shaxsiy maqsadlarda foydalanishi manfaatlar to‘qnashuviga sabab bo‘lishi mumkin.

Bunday holatlar aniqlangan taqdirda, xodim o‘zining bevosita rahbarini xabardor qilishi, rahbar esa manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish yoki uni bartaraf etish choralarini ko‘rishi shart.

Shuning uchun har bir davlat xizmatchisi xizmat vazifalarini bajarishda xolislik, halollik, qonuniylik va shaxsiy manfaatlarni xizmat manfaatlaridan ustun qo‘ymaslik tamoyillariga amal qilishi zarur.

Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimining ahamiyati

Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida komplaens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Ushbu tuzilmalarning asosiy vazifasi tashkilot faoliyatidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, ularni baholash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, ichki nazorat mexanizmlarini takomillashtirish va korrupsiya holatlari yuzasidan belgilangan tartibda o‘rganishlar o‘tkazishdan iborat.

2026-yil 3-oktabrda davlat organlari va tashkilotlarining, davlat ishtirokidagi korxonalarning komplaens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati to‘g‘risidagi namunaviy nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi ham bu boradagi huquqiy mexanizmlarni yanada aniqlashtirdi.

Bu tizimning samarali ishlashi korrupsiyaviy xavflarni faqat huquqbuzarlik sodir etilgandan keyin emas, balki ular yuzaga kelishidan oldin aniqlash va bartaraf etish imkonini beradi.

Korrupsiyaning salbiy oqibatlari

Korrupsiyaning oqibatlari faqat davlat budjetiga yetkazilgan zarar bilan cheklanmaydi. U jamiyatning barcha sohalariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Jumladan:

  • davlat mablag‘larining maqsadsiz sarflanishiga olib keladi;
  • sog‘lom raqobat va tadbirkorlik muhitiga zarar yetkazadi;
  • fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini pasaytiradi;
  • ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya sohalarida teng imkoniyatlarni cheklaydi;
  • qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolat tamoyillariga putur yetkazadi.

Korrupsiyaning jamiyatga yetkazayotgan zararini anglash va unga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish har bir fuqaroning huquqiy madaniyatiga bog‘liq.

Korrupsiyaga qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoki davlat tashkilotlarining vazifasi emas. Bu butun jamiyat, har bir fuqaro va har bir tashkilotning umumiy mas’uliyatidir.

Har bir inson o‘z kundalik hayotida halollik, qonuniylik va adolat tamoyillariga amal qilishi, noqonuniy taklif va manfaatdorlik holatlariga murosasiz munosabatda bo‘lishi lozim.

Davlat organlari faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, mansabdor shaxslarning hisobdorligini oshirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish orqali ushbu illatning oldini olish mumkin.

Korrupsiyaga qarshi kurashish — kelajakka befarq bo‘lmaslik demakdir.

Halollik va adolat ustuvor bo‘lgan jamiyatdagina qonun ustuvorligi, xalq farovonligi va barqaror taraqqiyot ta’minlanadi!

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Uzun tuman sudining raisi                                      

F.Mirzakulov

Related Articles

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Back to top button