TADBIRKOR HUQUQLARI HIMOYASIDA YANGI HUQUQIY KAFOLATLAR

Tadbirkorlik sub’ektlarining samarali faoliyat yuritishi mamlakat iqtisodiy taraqqiyoti, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi farovonligini oshirishning muhim omillaridan biridir. Shu bois tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ular faoliyatiga asossiz aralashuvlarning oldini olish va ma’muriy to‘siqlarni kamaytirish dolzarb vazifa hisoblanadi.
2026-yil 20-oktabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-1183-son Qonuni aynan shu maqsadlarga xizmat qilib, tadbirkorlik sub’ektlarining bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarini to‘xtatib turish bilan bog‘liq munosabatlarda yangi huquqiy kafolatlarni belgiladi.
Tadbirkorning e’tirozi sudda ko‘rib chiqiladi
Qonun bilan kiritilgan muhim o‘zgartishlardan biri soliq organining bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish haqidagi qarori ustidan tadbirkorlik sub’ektining e’tiroz bildirish imkoniyati bilan bog‘liq.
Agar soliq to‘lovchi soliq organi chiqargan qarorga rozi bo‘lmasa, u o‘z e’tirozini bildirishi mumkin. Bunday holatda soliq organi e’tiroz taqdim etilgan kundan keyin uch kundan kechiktirmay sudga ariza kiritishi mumkin.
Mazkur masalaning sud tartibida ko‘rib chiqilishi tadbirkorning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim protsessual kafolat hisoblanadi.
Shu bilan birga, sud qaror qabul qilguniga qadar bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalar to‘xtatib turiladi. Demak, tadbirkorlar ushbu tartibning aynan shu jihatini ham inobatga olishlari lozim.
Qoidabuzarlik bartaraf etilsa, qaror bekor qilinadi
Qonunning yana bir muhim jihati shundaki, bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turishga asos bo‘lgan holatlar tadbirkor tomonidan bartaraf etilgan taqdirda, soliq organi o‘z qarorini bekor qilishi shart.
Bundan tashqari, Soliq kodeksining 112-moddasiga kiritilgan qo‘shimchaga muvofiq, operatsiyalarni to‘xtatib turishni rad etish haqidagi sud qarori qonuniy kuchga kirgan kun ham qarorni bekor qilish asoslaridan biri sifatida belgilandi.
Bu esa tadbirkorlik sub’ektining faoliyatini tiklashga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan ortiqcha ma’muriy tartib-taomillarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Tadbirkorlar nimalarga e’tibor qaratishi kerak?
Yangi qonunchilik talablaridan kelib chiqib, tadbirkorlik sub’ektlari quyidagi jihatlarga e’tibor qaratishlari maqsadga muvofiq:
- Soliq organining bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish haqidagi qarori bilan tanishish;
- Qarorga asos bo‘lgan holatlarni aniqlash va ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish;
- Qarorga rozi bo‘lmagan taqdirda, belgilangan tartibda o‘z e’tirozini bildirish;
- Soliq organi va sudga taqdim etiladigan hujjatlarning qonuniyligini ta’minlash;
- O‘z huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda sud mexanizmlaridan foydalanish.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, yangi tartib tadbirkorlarning soliq majburiyatlarini bekor qilmaydi. Aksincha, qonun talablariga rioya etish bilan bir qatorda, huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash jarayonida qonuniylik va sud nazoratini ta’minlashga qaratilgan.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, O‘RQ-1183-son Qonun tadbirkorlik sub’ektlari va davlat organlari o‘rtasidagi munosabatlarning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qiladi. Unda belgilangan normalar tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, ularning ish faoliyatida barqarorlikni ta’minlash va iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlash uchun muhim ahamiyatga ega.
Har bir tadbirkor o‘z huquq va majburiyatlarini bilishi, qonunchilikdagi yangiliklardan xabardor bo‘lishi va ulardan qonuniy foydalanishi lozim.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Uzun tuman sudining tergov sudyasi
A.Alikulov



