Маданият

Yer to‘g‘risida»gi Qonunining mazmun mohiyati dolzarbligi

Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar doirasida yer maydonlaridan oqilona va qonuniy foydalanish, ularning muhofazasi hamda o‘zboshimchalik bilan egallab olish va noqonuniy qurilishlarning oldini olish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Zero, yer—bu na faqat iqtisodiy rivojlanish uchun asosiy resurs, balki u millatning istiqboli va avlodlarimizga qoladigan muqaddas merosdir. Afsuski, ayrim fuqarolar tomonidan yerga nisbatan hurmatsizlik bilan qarash, huquqiy savodxonlikning yetishmasligi yoki ba’zan bilib turib qonunni buzish holatlari hozirgi kunda ham kuzatilmoqda.

Jumladan, maxsus ruxsatnomalarsiz yer maydonlarini egallab olish, o‘zboshimchalik bilan qurilish ishlarini amalga oshirish, tabiiy muhitga zarar yetkazish holatlari nafaqat qonunbuzarlik, balki jamiyat manfaatlariga qarshi qilingan harakatdir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida qabul qilinayotgan farmon va qarorlarda, jumladan, 2024 yilda yangi tahrirda qabul qilingan «Yer to‘g‘risida»gi Qonunda yer bilan bog‘liq huquqiy munosabatlar aniq belgilab berildi. Bu qonunda yerlarning davlat tomonidan muhofaza qilinishi, ulardan faqat belgilangan tartibda foydalanilishi shartligi hamda o‘zboshimchalik bilan yer egallash holati qonun oldida javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida mustahkam norma va talablar belgilandi.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 53-moddasida yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab olish holati uchun ma’muriy javobgarlik belgilab berilgan bo‘lsa, Jinoyat kodeksida ham bunday harakatlar og‘ir oqibatlarga olib kelgan holatda jinoiy javobgarlikka tortish masalalari ko‘rsatib o‘tilgan.

Shuningdek, davlatimizda shaharsozlik va qurilish sohasidagi tartib-intizomni ta’minlash maqsadida qabul qilingan qarorlar asosida, endilikda har qanday qurilish faqat belgilangan rejalar asosida, davlat organlarining maxsus ruxsatlarini olgan holdagina amalga oshirilishi kerak.

Aks holda, qurilgan inshoot qonunsiz deb topilib, buzib tashlanishi va qurilishga sarflangan mablag‘larning bekorga ketishi mumkin. Bunday holatda nafaqat qurilish qilgan shaxs, balki uning atrofidagi jamiyat ham qonunbuzarlikning asoratlarini his qiladi. Ayni paytda, davlat organlari tomonidan yer maydonlarini nazorat qilishda zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanilmoqda.

Masalan, havodan dronlar yordamida kuzatuvlar olib borilmoqda, geoaxborot tizimlari (GIS) orqali kadastr ma’lumotlari to‘liq raqamlashtirilmoqda. Bu esa har qanday o‘zboshimchalik bilan yer egallash yoki noqonuniy qurilishni aniqlash va unga tezkor huquqiy baho berish imkonini yaratmoqda.

Shu bilan birga, huquqbuzarlik holatlarini aniqlash va bartaraf etishda jamoatchilik nazorati, fuqarolarning faol ishtiroki muhim o‘rin tutadi. Bugungi kunda joylarda davlat rahbarining topshirig‘iga asosan, hokimliklar, Yer resurslari qo‘mitasi, prokuratura va ichki ishlar idoralari hamkorligida maxsus ishchi guruhlar tashkil etilgan bo‘lib, ular tomonidan noqonuniy yer egallash, begona yerga qurilish olib borish, yerlardan maqsadsiz foydalanish kabi holatlar yuzasidan tekshiruvlar olib borilmoqda.

Jinoyatlar aniqlangan hollarda esa, huquqiy baho berilib, jazo muqarrar qilinyapti. Buni hayotning o‘zi ham tasdiqlamoqda: sudlar tomonidan oxirgi ikki yilda minglab noqonuniy yer egallash holatlari yuzasidan qarorlar chiqarildi va bu holatlar yo‘q qilindi. Shu o‘rinda bir haqiqatni alohida ta’kidlash joizki, qonunga itoat qilish — faqat jazodan qochish vositasi emas, balki vatanparvarlik va fuqarolik burchidir. Yerdan noqonuniy foydalanish faqat shaxsiy manfaat emas, balki jamoat va kelajak avlod manfaatlariga qarshi harakat hisoblanadi.

Har bir fuqaro yerdan foydalanishda qonunlarga rioya qilsa, na faqat o‘zining huquqiy xavfsizligini ta’minlaydi, balki yurtimizda qonuniylikni mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shadi. Davlatimizda yer-huquq munosabatlarida adolat, shaffoflik va qonuniylikni ta’minlash, korrupsiya omillarini bartaraf etish va huquqbuzarliklarning oldini olish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.

Shu maqsadda olib borilayotgan keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot ishlari ham aynan shuni ko‘zda tutadi. Fuqarolarga tushuntirish, qonun normalarini xalqqa yetkazish, har bir yer maydoni — umumxalq boyligi ekanini anglatish, inson va jamiyat o‘rtasidagi huquqiy madaniyatni yuksaltirish bugun har bir davlat xizmatchisining, har bir huquqshunosning, har bir oqila fuqaroning burchiga aylangan.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, yer masalasi — bu faqat geografik yoki iqtisodiy resurs emas, balki jamiyatning huquqiy-axloqiy tarbiyasi, mas’uliyati va kelajak uchun qaratilayotgan e’tiborini ham o‘zida mujassam etgan masala hisoblanadi. Yerni asrash — vatanni asrash, qonunni hurmat qilish — o‘z kelajagini hurmat qilishdir.

Turanov Qahramon Xolnazarovich

Fuqarolik ishlari bo‘yicha

Sariosiyo tumanlararo sudining sudyasi

Related Articles

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Back to top button