PORA OLISH, PORA BERISH VA VOSITACHILIK QILISH: HUQUQIY FARQLAR

Korrupsiya jamiyat taraqqiyotiga to‘sqinlik qiladigan, qonun ustuvorligi va fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazadigan salbiy hodisadir. Uning keng tarqalgan ko‘rinishlaridan biri poraxo‘rlik bo‘lib, u pora olish, pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilish kabi qilmishlarni qamrab oladi.
Ushbu jinoyatlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida jinoiy javobgarlik belgilangan. Pora olish — mansabdan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanish Jinoyat kodeksining 210-moddasiga muvofiq, pora olish mansabdor shaxsning o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, muayyan harakatni bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ravishda moddiy qimmatlik olishi yoxud mulkiy manfaat ko‘rishidir. Bunda pora shaxsan yoki vositachi orqali olinishi mumkin.
Masalan, mansabdor shaxsning fuqaroga tegishli masalani uning qonuniy majburiyati doirasida hal qilib berish evaziga pul talab qilishi yoki olishi pora olish alomatlarini keltirib chiqarishi mumkin. Mazkur moddaning birinchi qismi bo‘yicha BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Takroran sodir etish, ko‘p miqdorda pora olish, tamagirlik yoki boshqa og‘irlashtiruvchi holatlarda jazo kuchaytiriladi. Pora berish — qonunga xilof manfaat taklif etish yoki taqdim qilish Jinoyat kodeksining 211-moddasi pora berish uchun javobgarlikni belgilaydi. Pora berish — mansabdor shaxsning xizmat mavqeidan foydalanib, pora beruvchining manfaatini ko‘zlab harakat qilishi yoki harakatsiz qolishi evaziga unga bevosita yoxud vositachi orqali moddiy qimmatlik berish yoki mulkiy manfaat taqdim etishdir.
Pora berish har doim ham mansabdor shaxsning talabidan keyin sodir bo‘lmaydi. Shaxs muayyan ishni noqonuniy yo‘l bilan hal qilish maqsadida o‘z tashabbusi bilan ham pora taklif qilishi yoki berishi mumkin. Ushbu jinoyat uchun BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Takroran yoki ko‘p miqdorda pora berish, shuningdek qonunda ko‘rsatilgan boshqa og‘irlashtiruvchi holatlar uchun ozodlikdan mahrum qilish muddati oshiriladi. Qonunda pora bergan shaxsni javobgarlikdan ozod qilishga oid maxsus qoida ham mavjud. Jumladan, pora so‘rab tovlamachilik qilingan va shaxs jinoiy harakatdan keyin 30 sutka ichida o‘z ixtiyori bilan xabar berib, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, jinoyatni ochishga faol yordam bergan bo‘lsa, qonundagi shartlar asosida javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin. Bu qoida har qanday holatda avtomatik ravishda qo‘llanilmaydi.
Vositachilik — pora beruvchi va oluvchi o‘rtasidagi noqonuniy ko‘mak Jinoyat kodeksining 212-moddasi pora olish-berishda vositachilik qilish uchun javobgarlikni nazarda tutadi. Vositachilik pora olish yoki berish xususida kelishuvga erishishga qaratilgan harakatlar, shuningdek manfaatdor shaxslarning topshirig‘i bilan porani bevosita yetkazib berishda ifodalanadi.
Masalan, bir shaxs pora beruvchi bilan mansabdor shaxs o‘rtasida kelishuv tashkil qilsa yoki ularning topshirig‘iga ko‘ra pulni yetkazib bersa, uning harakatlari vositachilik sifatida baholanishi mumkin. Ushbu moddaning birinchi qismi bo‘yicha BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangan.
Qonunda ko‘rsatilgan og‘irlashtiruvchi holatlarda jazo besh yildan o‘n yilgacha, ayrim eng og‘ir holatlarda esa o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni tashkil etishi mumkin. Vositachilik qilgan shaxs jinoyat haqida 30 sutka ichida ixtiyoriy xabar berib, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lsa va jinoyatni ochishga faol yordam bersa, qonundagi shartlar asosida javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin.
Qonunga rioya qilish — har bir fuqaroning burchi Pora olish, pora berish va vositachilik qilish bir-biri bilan bog‘liq bo‘lsa-da, ularning huquqiy mazmuni va jinoyatdagi roli farq qiladi. Pora olishda mansabdor shaxs noqonuniy manfaatni qabul qiladi, pora berishda shaxs shu manfaatni taqdim etadi, vositachilikda esa kelishuvga erishish yoki porani yetkazishga ko‘maklashiladi.
Shuni unutmaslik kerakki, pora faqat naqd puldan iborat emas: qonunga xilof moddiy qimmatliklar yoki mulkiy manfaat ham jinoyat predmeti bo‘lishi mumkin. Har bir holatning huquqiy bahosi aniq dalillar, shaxsning niyati va qilmishning holatlaridan kelib chiqib beriladi.
Poraxo‘rlikka qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki butun jamiyatning vazifasidir. Qonunga rioya qilish, noqonuniy manfaatdan voz kechish va korrupsiya holatlari haqida vakolatli organlarga xabar berish adolat va qonuniylikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Uzun tuman sudining raisi
F.Mirzakulov



