Маданият

KIBERJINOYATLAR: QONUN VA JINOIY JAVOBGARLIK

Bugungi kunda axborot texnologiyalari hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Elektron to‘lovlar, internet-banking, elektron davlat xizmatlari va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish imkoniyatlari kengayib bormoqda. Biroq raqamli texnologiyalardan qonunga xilof maqsadlarda foydalanish, kompyuter tizimlariga ruxsatsiz kirish, ma’lumotlarni o‘g‘irlash va zararli dasturlarni tarqatish kabi qilmishlar ham jamiyat uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda.

Kiberjinoyatlar fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari, mulkiy manfaatlari, tashkilotlarning axborot tizimlari va davlat axborot resurslariga zarar yetkazishi mumkin. Shu sababli O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Qonun qanday javobgarlikni belgilaydi?

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining XX¹ bobi, 278¹–278⁹-moddalari axborot texnologiyalari sohasidagi ayrim jinoyatlar va ular uchun belgilangan jazo choralarini nazarda tutadi. JKning 278¹-moddasi — axborotlashtirish qoidalarini buzish. Belgilangan himoya choralarini ko‘rmaslik natijasida axborot tizimlaridan foydalanish jarayonida fuqarolarning huquqlariga yoki davlat va jamoat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkazilsa, BHMning 50 baravarigacha jarima yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari tayinlanishi mumkin.

Juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilganda BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima yoki bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari belgilangan. JKning 278²-moddasi — kompyuter axborotidan ruxsatsiz foydalanish. Kompyuter axborotiga qonunga xilof ravishda kirish ma’lumotlarni o‘chirish, to‘sib qo‘yish, o‘zgartirish, nusxalash yoki tizim ishini buzishga sabab bo‘lsa, BHMning 100 baravarigacha jarima, uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari qo‘llanilishi mumkin.

Qilmish takroran, bir guruh shaxslar tomonidan, xizmat mavqeidan foydalanib yoki uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilsa, BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha jarima, bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari, bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

JKning 278³-moddasi — ruxsatsiz foydalanish uchun maxsus vositalarni tayyorlash yoki tarqatish. Himoyalangan kompyuter tizimlari va telekommunikatsiya tarmoqlariga qonunga xilof kirish uchun mo‘ljallangan maxsus dasturiy yoki apparat vositalarini tayyorlash, o‘tkazish yoxud tarqatish BHMning 200 baravarigacha jarima yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Og‘irlashtiruvchi holatlarda BHMning 200 baravaridan 300 baravarigacha jarima yoki bir yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari tayinlanishi mumkin.

JKning 278⁴-moddasi — kompyuter axborotini modifikatsiyalashtirish. Kompyuterda saqlanayotgan ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda o‘zgartirish, o‘chirish, shikastlash yoki bila turib yolg‘on axborot kiritish ko‘p miqdorda zarar yoki jiddiy ziyon keltirib chiqarsa, BHMning 100 baravarigacha jarima, bir yilgacha axloq tuzatish ishlari, ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish mumkin. Juda ko‘p miqdorda zarar yetkazish, takroriylik yoki oldindan til biriktirgan guruh bo‘lib sodir etish kabi holatlarda jazo kuchaytiriladi.

JKning 278⁵-moddasi — kompyuter sabotaji. O‘zganing yoki xizmatda foydalaniladigan kompyuter uskunasini qasddan ishdan chiqarish, shuningdek kompyuter tizimini buzish uchun uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish bilan birga BHMning 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima, ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish belgilangan. Takroran yoki bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan holatlarda ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish mumkin.

JKning 278⁶-moddasi — zarar keltiruvchi dasturlarni yaratish, ishlatish yoki tarqatish. Kompyuter axborotini qonunga xilof ravishda o‘chirish, o‘zgartirish yoki to‘sib qo‘yishga qaratilgan zararli dasturlarni yaratish, ishlatish yoki tarqatish BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha jarima, ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Qonunda ko‘rsatilgan og‘irlashtiruvchi holatlarda ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish nazarda tutilgan.

JKning 278⁷-moddasi — telekommunikatsiya tarmog‘idan ruxsatsiz foydalanish. Himoya tizimlarini chetlab o‘tib, telekommunikatsiya tarmog‘idan qonunga xilof foydalanish va xalqaro trafikni o‘tkazishga qaratilgan harakatlar BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha jarima, bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Og‘irlashtiruvchi holatlarda BHMning 300 baravaridan 600 baravarigacha jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish belgilangan.

JKning 278⁸-moddasi — kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish. Kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o‘tkazish yoki ayirboshlash, tegishli litsenziyasiz xizmat ko‘rsatish yoki anonim kripto-aktivlar bilan qonunga xilof operatsiyalar amalga oshirish uchun, ma’muriy jazodan keyin sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 100 baravarigacha jarima, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari, bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish belgilangan.

Og‘irlashtiruvchi holatlarda BHMning 300–400 baravarigacha jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish mumkin. JKning 278⁹-moddasi — mayning faoliyatini qonunga xilof ravishda amalga oshirish. Anonim kripto-aktivlar mayningi yoki belgilangan tartibni buzgan holda mayning faoliyatini ma’muriy jazodan keyin davom ettirish uchun BHMning 100 baravarigacha jarima, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari, bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish belgilangan. Yashirin mayning uchun BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha jarima yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish mumkin.

Qonunda ko‘rsatilgan og‘irlashtiruvchi holatlarda uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish nazarda tutilgan. Kiberxavfsizlik — har birimizning mas’uliyatimiz Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas. Har bir fuqaro shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilishi, murakkab parollardan foydalanishi, tasdiqlanmagan havolalarni ochmasligi va bank kartasiga oid maxfiy ma’lumotlarni boshqalarga bermasligi lozim.

Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar uchun belgilangan javobgarlik raqamli muhitda qonuniylikni ta’minlash va fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga xizmat qiladi. Raqamli savodxonlikni oshirish, axborot xavfsizligi talablariga amal qilish va qonunbuzarliklarning oldini olish har birimizning vazifamizdir.

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Uzun tuman sudining devonxona mudiri

Z.Abdimuratov

Related Articles

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Back to top button