Бу қизиқ

Aholiga sud muhokamalarida masofadan ishtirok etish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi O‘RQ–1047-sonli qonunning mazmun-mohiyati

Mazkur qonun «Aholiga sud muhokamalarida masofadan ishtirok etish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» deb nomlangan bo‘lib, mamlakatimizda raqamli texnologiyalarni sud tizimiga keng joriy etish, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan huquqini yanada ta’minlash va sud xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan sud hokimiyati faoliyatini raqamlashtirish sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Sudlarga elektron murojaat qilish, protsessual hujjatlarni elektron shaklda yuborish, ishlarning harakatini onlayn kuzatish, sud qarorlarini elektron tarzda olish kabi xizmatlar joriy etildi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining interaktiv xizmatlar portali orqali fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari o‘zlariga qulay bo‘lgan vaqtda va masofadan turib sud xizmatlaridan foydalanish imkoniga ega bo‘lmoqda.

O‘RQ–1047-sonli Qonun aynan ana shu raqamlashtirish jarayonlarining mantiqiy davomi hisoblanadi.

Mazkur qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga, Iqtisodiy protsessual kodeksiga hamda Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga muhim o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Ushbu o‘zgarishlarning asosiy maqsadi fuqarolarning sud muhokamalarida masofadan ishtirok etish imkoniyatlarini yanada kengaytirishdan iborat.

Yangi tartibga ko‘ra, sud jarayonlarida ishtirok etuvchi shaxslar videokonferensaloqa tizimlari orqali qatnashishlari mumkin bo‘lib, endilikda nafaqat sud binolaridagi videokonferensaloqa vositalari, balki sudning mobil videokonferensaloqa tizimlaridan ham foydalanish imkoniyati yaratildi.

Bu esa aholi uchun juda katta qulaylik hisoblanadi.

Ayniqsa, olis hududlarda yashovchi fuqarolar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yoshi ulug‘ insonlar yoki boshqa sabablarga ko‘ra sudga kelishi qiyin bo‘lgan ishtirokchilar uchun mazkur imkoniyat muhim ahamiyat kasb etadi.

Qonunga muvofiq, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishi ularning yashash joyi, turgan joyi yoki joylashgan yeri bo‘yicha tegishli sudlar orqali yoxud ishni ko‘rayotgan sudning mobil videokonferensaloqa tizimi orqali ta’minlanadi.

Shu bilan birga ishtirok etuvchilarning shaxsini aniqlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Agar shaxs sud binosidagi videokonferensaloqa tizimi orqali ishtirok etayotgan bo‘lsa, uning shaxsi tegishli sud tomonidan tekshiriladi.
Mobil videokonferensaloqa tizimi orqali ishtirok etganda esa shaxsni identifikatsiya qilish zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida amalga oshiriladi.

Bu esa sud muhokamasining qonuniyligi va ishonchliligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Qonun bilan yana bir muhim yangilik joriy etildi.

Endilikda videokonferensaloqa rejimida ishtirok etayotgan guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlarga ularning huquqlari, majburiyatlari hamda javobgarligi tushuntirilganligi audio va videoyozuvlar orqali qayd etiladi.

Shuningdek, guvohning qasamyod qabul qilishi ham audio va videoyozuv vositalari orqali rasmiylashtiriladi hamda bu haqda sud majlisi bayonnomasida tegishli qayd kiritiladi.

Bu esa sud jarayonlarining shaffofligini ta’minlash, bahsli holatlarning oldini olish va protsessual harakatlarning ishonchliligini oshirishga xizmat qiladi

Mazkur qonunning qabul qilinishi natijasida aholining sudlarga murojaat qilish imkoniyatlari yanada kengaydi.

Fuqarolar vaqt va mablag‘ sarflamasdan turib o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun sud muhokamalarida ishtirok etishlari mumkin bo‘ldi.

Eng muhimi, mazkur qonun inson qadrini ulug‘lash, aholi uchun qulay huquqiy xizmatlarni tashkil etish va odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan «Inson qadri uchun» tamoyili aynan ana shunday islohotlarda o‘z ifodasini topmoqda.

Sud tizimida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali fuqarolar va davlat o‘rtasidagi munosabatlar yanada soddalashmoqda, sudlarning ochiqligi va shaffofligi ortmoqda, eng muhimi, aholining sudlarga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanmoqda.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 11-martdagi O‘RQ–1047-sonli Qonuni aholining sud muhokamalarida ishtirok etishi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, sud ishlarini raqamlashtirish jarayonlarini yangi bosqichga olib chiqish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilish hamda odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiluvchi muhim huquqiy hujjat hisoblanadi.

Ushbu qonun normalarini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish va uning mazmun-mohiyatini tushuntirish har bir huquqshunos, sud xodimi va davlat xizmatchisining muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Sariosiyo tumanlararo sudining

 raisi Nomozov Muzaffar Ergashevich

Related Articles

Back to top button