Бу қизиқ

Jinoyat qonunchiligidagi yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-iyundagi «Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida»gi O‘RQ-1072-sonli Qonuniga ko‘ra, 2025-yil 27-sentabrdan boshlab: Jinoyat ishlari yuzasidan qamoqqa olingan shaxslar tergov hibsxonasiga joylashtirilishidan oldin majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Majburiy tibbiy ko‘rik qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga olib kelingan paytdan e’tiboran 2 soat ichida tibbiy xodim tomonidan o‘tkaziladi.

Qamoqqa olinganni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda tergov hibsxonasining u bilan bir jinsda bo‘lgan xodimi ishtirok etadi. Majburiy tibbiy ko‘rikni o‘tkazishda qamoqqa olinganning roziligi bilan uning advokati ham ishtirok etishi mumkin. Majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha tibbiy ma’lumotnoma rasmiylashtiriladi, uning bir nusxasi qamoqqa olingan bilan imzo qo‘ydirib tanishtirilganidan keyin uning shaxsiy ishiga qo‘shib qo‘yiladi, ikkinchi nusxasi qamoqqa olinganni olib kelgan xodimlarga topshiriladi.

Tibbiy ma’lumotnomaning ko‘chirma nusxasi qamoqqa olinganning yoki uning advokatining talabiga asosan tegishincha qamoqqa olinganga yoki uning advokatiga taqdim etiladi.

Majburiy tibbiy ko‘rik chog‘ida qamoqqa olinganning tanasida shikastlanishlar, jarohatlar va yaralar aniqlangan taqdirda, ular belgilangan tartibda qayd etilib, bu haqda qamoqqa olinganga ma’lum qilinadi va zudlik bilan prokurorga xabar beriladi.

Yuqorida belgilangan tartib qamoqqa olingan shaxslar boshqa joyga o‘tkazilganida yoki protsessual harakatlarni amalga oshirish uchun olib chiqilib, tergov hibsxonasiga qaytarilganda ham amal qiladi. Mazkur qonun sudga qadar va sudda jinoyat ishlarini yuritishda shaxs huquqlarini yanada ishonchliroq himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi deb ishonamiz.

Surxondaryo viloyat sudi

sud statistikasini tizimli tahlil qilish bo‘limi bosh konsultanti

M.Mamatqoriyev

Related Articles

Back to top button